BAAda qolib ketgan o‘zbekistonliklar mehmonxonaga joylashtirildi

Jamiyat

image

Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat sababli parvozlar bekor qilingach, O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi Bosh konsulxonasi Dubay, Shardja va Abu-Dabi shaharlaridan ortga qayta olmayotgan o‘zbekistonliklarni mehmonxonaga joylashtirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Keltirilishicha, 2 mart holatiga ko‘ra, Dubaydagi “Hyatt Place Dubai” mehmonxonasiga jami 93 nafar fuqaro joylashtirilgan. Ularning 61 nafari ushbu mehmonxonaning o‘zidan chiqarib yuborilgan fuqarolar bo‘lib, vaqtinchalik turarjoy masalasida qiyin ahvolga tushib qolgandi.

Shuningdek, 27 nafar “Floria Hotel” mehmonxonasidan chiqarib yuborilgan fuqaro ham joylashtirigan. Qolaversa, ko‘chada qolib ketgan 5 nafar fuqaro ham aniqlanib, xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Bundan tashqari, “Hampton by Hilton Dubai” mehmonxonasiga 39 nafar fuqaro joylashtirilib, ularning yashash sharoitlari ta’minlangan.

Shu bilan birga, Abu-Dabi shahrida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 4 nafar fuqaro “AG Hotel Abu Dhabi” mehmonxonasiga joylashtirilgan. Ularning salomatligi va xavfsizligi alohida nazoratga olingan.

“Hozirgi vaqtda barcha fuqarolarimizga zarur amaliy va tashkiliy yordam ko‘rsatilmoqda. BAAdagi O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan vaziyat doimiy ravishda monitoring qilinib, har bir murojaat tezkor tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli ushbu mintaqadagi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

BAA o'zbekistonliklar mehmonxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing