Bank kartalari orasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalari uchun himoya kuchaytiriladi
Jamiyat
−
30 aprel 6057 2 daqiqa
Bank kartalaridan foydalanish hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqdagi qonun loyihasi bugun, 30 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilgan.
Ushbu qonun loyihasi bilan to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyati sohalarida, shuningdek, davlat tashkilotlarini xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etishning va ular huquqiy holatining o‘ziga xos xususiyatlari, to‘lov terminali, virtual to‘lov terminali, antifrod tizimi va ularning mazmun-mohiyati haqidagi tushunchalar qonunchilikda belgilanmoqda.
Shu bilan birga, litsenziyalash jarayonlarini yanada qisqartirish va banklarning to‘lov xizmatlari bozorida faoliyatini yanada rag‘batlantirish maqsadida banklarning to‘lov tizimi operatori sifatida faoliyatini boshlash uchun xabardor etish tartibi joriy qilinmoqda.
Loyiha bilan muhim to‘lov tashkilotlari tushunchasi kiritilmoqda, ushbu toifadagi tashkilotlar tomonidan uzluksiz xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida ularning to‘lov tizimi ishtirokchisi bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratilmoqda. Xususan, to‘lov tizimlarining operatorlari moliyaviy infratuzilmada muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib to‘lov operatsiyalarning samaradorligi va ishonchligini yanada ta’minlash maqsadida ularning asosiy funksiyalari belgilanmoqda.
To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank boshqaruvi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan “To‘lov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaror ishlab chiqilgandi. Joriy yil 2 iyuldan kuchga kiradigan mazkur qaror bilan O‘zbekistonda to‘lov tizimlaridagi pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi belgilangan.
Live
Barchasi