Biz bo‘lmaganimizda, AQSHda hamma fransuzcha gaplashgan bo‘lardi – Charlz III (video)
Olam
−
30 aprel 3518 1 daqiqa
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III AQSH Kongressida nutq so‘zlab, NATO doirasida birlikni saqlash va Ukraina masalasida “qat’iy iroda” ko‘rsatishga chaqirdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Monarxning AQSH qonunchilari oldidagi nutqi 1991 yildan beri ilk bor amalga oshirilgan tarixiy chiqish bo‘ldi. Charlz III o‘z nutqida dunyoda hozirgi vaziyat juda noaniq ekanini, Yevropadan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan harbiy mojarolar xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy muammolar tug‘dirayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya qiroli Oq uyda o‘tkazilgan davlat ziyofati davomida AQSH Prezidenti Donald Trampning avvalgi bayonotiga javob qaytargan. Tramp yanvar oyida “agar AQSH Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qilmaganida, hamma nemischa yoki qisman yaponcha gapirgan bo‘lardi” degan edi.
“Men esa shuni aytishga jur’at etaman: agar biz bo‘lmaganimizda, sizlar fransuzcha gapirgan bo‘lardingiz”, degan Trampning so‘zlariga javoban Charlz III.
U bu fikri bilan AQSH mustaqilligidan oldingi davrga ishora qilgan, ya’ni Shimoliy Amerikadagi hududlar uchun Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi tarixiy raqobatni nazarda tutgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 aprel kuni Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III va uning rafiqasi Qirolicha Kamilla 19 yildan beri ilk bor rasmiy tashrif bilan AQSHga borgandi.
Live
Barchasi