Bog‘chalardagi zaharlanish ortidan shifoxonaga yotqizilgan bolalar soni ochiqlandi
3-sahifa
−
25 Sentabr 7020 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani haqida berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat oqibatida 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ushbu holatni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lgan.
“Holat nafaqat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tegishli tashkilotlar nazoratiga ham olingan. Xususan, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik mas’ullari bilan hamkorlikda bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bog‘cha rahbarlari, tarbiyachilar bilan yaqindan muloqot qilindi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning salomatligi barqaror. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi MTT tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan o‘tkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sog‘lig‘iga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmagan.
Yuzaga kelgan holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va tergov jarayonlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.