Bolalarga zo‘ravonlik bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
18 fevral 1112 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yilda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova ma’lum qildi.
Bolalar ombudsmani ma’ruzasiga ko‘ra, 2025 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1934 ta murojaat kelib tushgan.
Hisobot yilida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 ta fuqarolar bilan muloqot qilinib, ularning 98 ta murojaati ko‘rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan jami 36 ta ta’sir hujjati – 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Qolaversa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 20 ta jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan.
Shuningdek, internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan 23 ta jinoyat va 28 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.
Ma’ruzada keltirilishicha, o‘tgan davrda bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln 745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilgan. 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat boji va boshqa to‘lovlarsiz ID-kartalar rasmiylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 20 nafar imkoniyati cheklangan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga reabilitatsiya, psixologik-pedagogik korreksiya xizmatlari tashkil etishda ko‘maklashilgan. Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 45 nafar bola esa O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
Muhokamalar davomida Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari yil davomida 45 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda ishtirok etganiga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pedofillarga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligi aytilgan edi. Keyiroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilishni ma’qulladi.