“Bu bizning aybimiz”. Alkogol mahsulotlari yana naqd pulda sotiladi
Jamiyat
−
22 aprel 26618 2 daqiqa
Yaqin kunlarda umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol mahsulotlarini naqd pul shaklida ham sotib olish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda kecha, 21 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ma’lum qildi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkor alkogol mahsulotlarini sotishda xorijliklar bilan muammolar yuzaga kelayotganini aytgan.
Shundan so‘ng, Po‘latov bu masala bo‘yicha ishlar olib borilayotgani va tez orada hammasi o‘z joyiga tushishini bildirgan.
“Bu bizning aybimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz, yaqin kunlarda yechim beramiz. Albatta, buni to‘g‘rilab beramiz”, degan Soliq qo‘mitasi raisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda tegishli idoralar bilan bu masala bo‘yicha kelishilmoqda.
Shuningdek, ochiq muloqot davomida mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mehmonxonalarda turistik yig‘imni naqd pul ko‘rinishida qabul qilish imkoniyati yaratilgani ham qayd etilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur masala Savdo-sanoat palatasi tomonidan soliq maslahatchilari, auditorlar hamda buxgalterlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham ko‘tarilgan.
Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni joriy yilning 1 aprelidan boshlab kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
Umuman olganda, yangi tartib tez fursatda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik naqd puldan voz kechish amaliyoti ortidan “zapravka”larda, oldi-sotdi muassasalarida muammolar yuzaga kelayotganidan norozi.
Live
Barchasi