Bu jamoa bilan yo‘lim tugadi – Islombek Ismoilov O‘zbekiston U-17 bilan faoliyatini yakunladi
Sport
−
19 noyabr 18776 3 daqiqa
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov muxlislarga murojaat qilib, jamoani tark etganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida yozib qoldirdi.
Ismoilov Qatarda o‘tkazilayotgan Jahon chempionati 1/8 finalidan o‘rin olgan Italiyaga (2:3) qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat ortidan bu qarorga kelayotganiga ishora qilgan.
“Hurmatli muxlislar, futbol ixlosmandlari, ota-onalar, murabbiylar va O‘zbekiston futboli uchun kuyib-yonadigan aziz yurtdoshlar!
Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U-17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi.
Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas edi – bu sharaf, mas’uliyat va Alloh bergan sinov bo‘ldi.
Uch yil davomida biz bu jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon bordik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birga edik”, deya yozgan murabbiy.
U, shuningdek, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lganini xotirlab o‘tgan.
“Osiyo chempionligi – bu avlodning matonati va mehnati.
2025 yilda Osiyo chempioni bo‘lish – bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi.
Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi: “Bu Vatan uchun jon fido.”
Men murabbiy sifatida bir narsaga qat’iy amal qildim: adolat va halollik. Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishligini emas, faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland”, deya qo‘shimcha qilgan Ismoilov.
Qolaversa, murabbiy u va jamoasini qo‘llab turgan barchaga o‘z rahmatlarini aytgan.
“Bizni qo‘llab-quvvatlagan, duo qilgan, ishonch bergan O‘zbekiston xalqiga bosh egib minnatdorlik bildiraman. Biz sizning muhabbatingizni, sizning mehringizni har bir daqiqada his qildik. Sizning ishonchingiz bizning eng katta kuchimiz bo‘ldi. U-17 terma jamoasining har bir muvaffaqiyatida O‘FA rahbariyati, texnik bo‘lim va futbolni rivojlantirishni maqsad qilgan barcha insonlarning ulkan hissasi bor.
Menga ishongan, men bilan birga yonib kuygan, har bir mashg‘ulotda va har bir musobaqada yonimda yurgan yordamchi murabbiylarimga, shifokorlarga, analiz bo‘limiga, butun shtabga alohida minnatdorlik bildiraman. Sizlar bo‘lmaganda bu yo‘l bu darajada kuchli bo‘lmas edi.Uch yil davomida men bilan ishlagan barcha futbolchilarimga aytadigan gapim bitta: sizlar mening faxrim bo‘lib qoldingiz. Maydonda yutdingiz ham, yutqazdingiz ham, lekin hech qachon taslim bo‘lmadingiz. Men sizlarga ishonaman. Sizlar hali katta futbolni zabt etasizlar. Sizlar O‘zbekiston futbolining ertangi kuni, ertangi yulduzlarisiz.
Bu yakun – bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi. Bugun mening yo‘lim bu jamoa bilan tugadi. Rahmat, O‘zbekiston! Rahmat, mening ukalarim! Rahmat, barcha qo‘llab-quvvatlagan yurtdoshlar!” deya o‘z postini yakunlagan Ismoilov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 noyabr kuni O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati nimchorak final bosqichida Italiyaga qarshi maydonga tushgandi hamda uchrashuvda Italiya 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.
Live
Barchasi