Dunyodagi eng kuchli davlatlar e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Jamiyat
−
07 aprel 74662 3 daqiqa
Dunyo harbiy kuchini baholash platformasi (Global Firepower) mamlakatlarning harbiy salohiyati bo‘yicha reytingini e’lon qildi. Mazkur platforma 2006 yildan beri reytingni yangilab keladi va joriy yilgi tahlilda jami 145 ta davlat ko‘rib chiqilgan.
Reyting qanday hisoblanadi?
Reyting tuzishda harbiy texnika (tanklar, samolyotlar, flot), aholining harbiy xizmatga yaroqliligi, moliyaviy imkoniyatlar (mudofaa byudjeti), logistika (yo‘llar, portlar, aeroportlar), tabiiy resurslar va joylashuv kabi 60 dan ortiq omil asosida hisoblanadi.
Baholash natijasida har bir davlatga maxsus Harbiy qudrat indeksi (PowerIndex) beriladi. Ushbu indeks qanchalik past bo‘lsa, mamlakatning harbiy salohiyati shunchalik yuqori hisoblanadi. Ideal ko‘rsatkich 0.0000 bo‘lsada, amalda bunga erishish mumkin emas.
Reyting yetakchisi Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘lib qolmoqda. Eng yuqori harbiy qudratga ega davlatlar beshligi quyidagilar:
1. Amerika Qo‘shma Shtatlari (PowerIndex: 0.0741);
2. Rossiya (PowerIndex: 0.0791);
3. Xitoy (PowerIndex: 0.0919);
4. Hindiston (PowerIndex: 0.1346);
5. Janubiy Koreya (PowerIndex: 0.1642).
Ushbu besh davlat jahon harbiy salohiyati nuqtai nazaridan eng kuchli hisoblanadi, ammo PowerIndex faqat an’anaviy harbiy kuchni baholaydi. Strategiya, ittifoqlar va iqtisodiy imkoniyatlar ham real qudratga ta’sir qiladi.
Pyeytingning eng quyi qismidagi davlatlar harbiy qudrati jihatidan eng zaif sifatida baholangan. Unda quyidagilar bor:
1. Liberiya (PowerIndex: 3.9275);
2. Surinam (PowerIndex: 4.0538);
3. Markaziy Afrika Respublikasi (PowerIndex: 4.2381);
4. Beliz (PowerIndex: 4.3602);
5. Butan (PowerIndex: 5.7991)..png)
O‘zbekiston ko‘tarilish qayd etib, umumiy reytingda 53-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari reytingda quyidagicha joy olgan:
1. Qozog‘iston (PowerIndex: 1.0433) 58-o‘rin;
2. Turkmaniston (PowerIndex: 1.7459) 78-o‘rin;
3. Tojikiston (PowerIndex: 2.1749) 100-o‘rin;
4. Qirg‘iziston (PowerIndex: 2.3969) 109-o‘rin.
Mamlakatlarning harbiy xarajatlari reytingi
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 2,6 trillion dollardan oshib ketgan va geosiyosiy keskinlik fonida o‘sishda davom etmoqda.
Aholi jon boshiga hisoblanganda, reytingda yetakchilikni Isroil egallagan – yiliga taxminan 3700 dollar. Keyingi o‘rinlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari (2400 dollar) va Avstraliya (2100 dollar) joylashgan. Germaniya hamda Rossiyada bu ko‘rsatkich qariyb 1500 dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, yirik davlatlarda bu ko‘rsatkich nisbatan past: Xitoyda taxminan 214 dollar, Hindistonda esa 77 dollarni tashkil qilgan.
Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lgan Qozog‘istondan (288 dollar) keyin Turkmaniston (254 dollar) va O‘zbekiston (170 dollar) egallagan. Qirg‘iziston (106 dollar) hamda Tojikiston (43 dollar) esa ancha past ko‘rsatkichlarni qayd etgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aholi jon boshiga harbiy xarajatlar darajasi nafaqat iqtisodiyotga, balki xavfsizlik omillariga ham bog‘liq. Xavf darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar aholisi sonidan qat’i nazar, mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ yo‘naltiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace, IEP) mamlakatlarning xavfsizlik va tinchlik darajasini baholovchi Global Peace Index 2025 reytingini e’lon qilgandi. Joriy yilda indeks 163 ta davlat va hududni qamrab olgan bo‘lib, O‘zbekiston 2 pog‘onaga ko‘tarilib, umumiy reytingda 64-o‘rinni egallagandi.
Live
Barchasi