Ekologga kuch ishlatgan “zamhokim”ga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgani, keyinroq esa Xizirov ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgan edi. Endi esa unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan tegishli idoralar ishtirokida ushbu holat o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, bugun, 25 noyabr kuni Buvayda tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiya, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidali Xizirov mansabdor shaxs bo‘la turib, mansab vakolatidan chetga chiqib, Buvayda tumani “Nayman” mahallasidan o‘tgan Nayman zovuri atrofidagi daraxtlarni “D.S.” MCHJning ishchisi tomonidan kesilayotganligidan xabar topib, uni oldini olish choralarini ko‘rayotgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Buvayda tuman bo‘limi inspektorining qonuniy talablariga faol qarshilik ko‘rsatgan. Shuningdek, xizmat vazifasidan kechishga majbur qilib, hodisa joyidan olib ketib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan. 

Mazkur holat yuzasidan Saidali Xizirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 198-moddasi 2-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi shaxsan Bosh prokuror tomonidan nazoratga olingan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyevning bildirishicha, aholi murojaatiga asosan holat joyiga tezkor yetib borgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori noqonuniy daraxt kesish holatini aniqlab, uni to‘xtatib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi, deb yozilgan. Farmon imzolanganidan bir hafta o‘tgani va mamlakatda ekologiya masalasi kun tartibida turganiga qaramay, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari ekologlarni mensimay, ularga kuch ishlatishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilishi davom etmoqda. Yo ular Prezident imzolagan farmonni o‘qimaydi, yo o‘qisa ham parvo qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rasul Kusherboyev shunga o‘xshash holat haqida gapirgan edi. O‘shanda u o‘tgan yili poytaxtda ekologiyani zaharlayotgan tashkilotlarga chora ko‘rilayotganda o‘sha paytdagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini ochiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona daraxt Buvayda zamhokim Ekolog

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing