Everestda yangi rekord: “Everest odami” va “Tog‘ malikasi” yana tarix yozdi
Bu qiziq
−
18 may 3914 2 daqiqa
“Everest odami” nomi bilan tanilgan Kami Rita Sherpa va “Tog‘ malikasi” Lakpa Sherpa dunyoning eng baland cho‘qqisi – Everestga chiqish bo‘yicha o‘z rekordlarini yangiladi. Kecha, 17 may kuni 56 yoshli Kami Rita Sherpa 32-marta Everest cho‘qqisiga chiqib, yangi jahon rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, Lakpa Sherpa esa 11-marta cho‘qqiga chiqib, ayol alpinistlar orasida eng yuqori natijani qayd etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Bunday tarixiy muvaffaqiyatga faqat so‘zsiz jasorat, qat’iy o‘zini tuta bilish va o‘z ishiga halol sadoqat orqali erishish mumkin”, deydi Nepal Bosh vaziri Balendra Shoh.
Ma’lumot uchun, Kami Rita Sherpa birinchi marta Everest cho‘qqisini 1994 yilda zabt etgan va o‘shandan beri deyarli har yili cho‘qqiga chiqib kelgan. Ba’zi yillarda u hatto ikki marta ham cho‘qqiga chiqqan. 2018 yilda u Everest cho‘qqisiga 22 marta chiqqan birinchi odam bo‘lgan. Sherpa kecha, 17 may kuni “14 Peaks Expedition” kompaniyasi mijozlariga yo‘lboshchilik qilayotgan paytda Everest cho‘qqisini yana bir bor zabt etgan.
Lakpa Sherpa esa birinchi marta Everest cho‘qqisini 2000 yilda zabt etgan va cho‘qqiga muvaffaqiyatli chiqib, tog‘dan tushgan birinchi nepallik ayol bo‘lgan. U shuningdek, 2023 yilda Everest cho‘qqisiga ko‘plab chiqishlari va yolg‘iz ona sifatidagi hayoti haqida “Tog‘ malikasi” nomli hujjatli filmning qahramoni bo‘lgan.
Bu yil Everestga chiqish uchun qariyb 500 nafar xorijiy alpinistga ruxsatnoma berilgan. Ko‘pchilik ruxsatnoma talab qilmaydigan kamida bitta nepallik gid bilan chiqishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda britaniyalik 23 yoshli Adriana Braunli dunyoning eng baland 14 cho‘qqisini zabt etgan eng yosh ayolga aylangan edi. Shuningdek, o‘sha yili 9 oktyabr kuni 18 yoshli nepallik Nima Rinji sherigi Pasang Nurbu bilan 8,027 metr balandlikdagi Shisha-Pangma cho‘qqisini zabt etib, bunga erishgan eng yosh odam bo‘lgandi.
Live
Barchasi