Fransiyada yangi Bosh vazir ish boshlashi bilan to‘polonlar avj oldi
Olam
−
10 Sentabr 4759 6 daqiqa
Bugun, 10 sentyabr kuni Fransiya bo‘ylab yo‘llar to‘silib, yong‘inlar chiqarildi va politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Namoyishchilar mamlakat siyosiy elitasiga qarshi norozilik bildirdi. Politsiya esa ko‘z yoshartuvchi gaz ishlatib javob qaytardi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 327 kishi hibsga olingan, mamlakat bo‘ylab 80 ming politsiya xizmatchisi safarbar qilingan, ulardan 6 ming nafari Parijda. Ta’lim vazirligi esa 100 taga yaqin maktab ish faoliyati buzilgani, 27 tasi esa to‘liq bloklanganini ma’lum qildi.
Bu voqealar mamlakatning yangi Bosh vaziri Sebasten Lekornyu lavozimga kirishgan paytga to‘g‘ri keldi. Prezident Emmanuel Makron kecha, 9 sentyabr kuni Lekornyuni (sobiq mudofaa vaziri) Bosh vazir etib tayinladi. U ishonch uchun ovoz berishda mag‘lub bo‘lib, byudjet tanqisligini yumshatish rejasi ommaviy qarshilikka uchraganidan keyin lavozimdan chetlatilgan Fransua Bayru o‘rniga keldi.
Tanqidchilarning aytishicha, bunday og‘ir kunda Makronning sodiq shaxsini tayinlashi Lekornyu uchun “o‘t olish marosimi”ga o‘xshaydi.
Namoyishlar maqsadi
Namoyishlar bir necha oy avvalyoq e’lon qilingan bo‘lib, ular Makron va siyosiy elitaga qaratilgan. Bugun tongda faollar Bordo, Renn, Nant va Kan shaharlarida hal qiluvchi halqa yo‘llarni yopib, harakatni izdan chiqardi.

Nantda namoyishchilar yo‘lni to‘sish uchun chiqindi konteynerlari va boshqa buyumlarni yo‘lga tashladi.
Parijda namoyishchilar shaharning eng gavjum vokzallaridan biri – Gar dyu Nor (Gare du Nord) oldida yo‘lni to‘sdi. Politsiya tez orada vaziyatni nazoratga oldi. 150 ga yaqin, asosan yosh namoyishchi politsiyaga qarshi shiorlarni qo‘shiq qilib kuyladi, vaziyat asosan tinch tarzda kechdi.
Boshqa hududlarda esa ayrim davlat binolari vaqtinchalik egallandi.
“Yangi hukumat xalq uchun hech narsani o‘zgartirmaydi, shuning uchun biz noroziligimizni bildiryapmiz. Ammo baribir bu ishni davom etamiz, chunki bu – norozilik bildirishning yagona yo‘li. Petitsiya yozdik, lekin hech kim eshitmadi”, dedi 27 yoshli Adel Ober Parijdagi mitingda.
Mintaqaviy markaz – Shatlda ham minglab odamlar yig‘ildi.

“Biz g‘azabdamiz, juda g‘azabdamiz. Ovoz berishning nima ma’nosi bor? Hukumat bizga quloq solmayapti. Makron davridan beri kelayotgan hukumatlarda chap qanot vakillari yo‘qligi odamlarni charchatib qo‘ydi,” dedi 29 yoshli Anna.
U, shuningdek, bu safar ko‘p yoshlarning ishtirokidan taassurot olganini aytdi va kelasi hafta fransuz kasaba uyushmalari bilan qo‘shma namoyishlar bundan ham kattaroq bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Kunning katta qismi namoyishchilar va politsiya o‘rtasida “mushuk va sichqon” o‘yini tarzida o‘tdi. Masalan, Renn shahrida avtobus vayron qilindi va yong‘in chiqarildi. Parijning boy tumanlaridan biri – 1-arrondissemanda esa bir restoran yoqib yuborildi.
Norozilik sabablari
34 yoshli bog‘cha o‘qituvchisi Elodiye ham ish tashlab, 10 sentyabrdagi namoyishga qo‘shildi.
Uning aytishicha, “siyosatchilar qarz bayrog‘ini ko‘tarib, ommaviy xizmat tizimini yo‘qotmoqchi. Biroq eng boy kompaniyalar va xo‘jaliklardan hech narsa talab qilishmayapti”.

“Men ham ijtimoiy, ham iqtisodiy sabablarga ko‘ra ish tashlayapman. 2026 yilgi byudjet qabul qilib bo‘lmas: bu ijtimoiy yo‘qotishlar byudjeti va fransuz davlatini zaiflashtirishga urinishdir. Bayru chetlatilganiga qaramay, yana eng kam ta’minlangan qatlamlar asosiy zarbani olmoqda. Shuning uchun ish tashlayapman”, dedi u.
Fransiya Bosh vazirlari oldidagi imkonsiz muammo. Lekornyu yechim topa oladimi?
Ayrimlar aytishicha, vazir sifatida Sebasten Lekornyu Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hukumatida nisbatan yengil vazifaga ega bo‘lgan. 2022 yildan buyon Fransiyaning Mudofaa vaziri sifatida u katta byudjet, yuz minglab vatanparvar va intizomli xodimlar hamda hech kim bahs qila olmaydigan missiya – Rossiya tajovuzini qaytarish kabi vazifadan bahramand bo‘lgan.
Biroq hukumat tarkibidan olib chiqilib, Bosh vazir lavozimiga tayinlanishi bilan uning ishi ancha murakkablashdi. Fransiya hukumatining eng uzoq xizmat qilgan vaziri sifatida u kamdan-kam uchraydigan barqarorlikka ega bo‘lgan edi. Ammo endi yangidan e’lon qilingan Bosh vazir Lekornyu parlamentdagi jiddiy bo‘linish va xalq uchun qabul qilish qiyin bo‘lgan byudjet muammosiga duch keladi.

Tarix va siyosat professori, Parijdagi Sciences Po hamda Rimdagi LUISS davlat boshqaruvi maktabi o‘qituvchisi Mark Lazarning aytishicha, so‘nggi ikki bosh vazirdan farqli ravishda, Lekornyu Prezidentning hukumatdagi loyihasida markazda bo‘lgan sodiq yordamchi hisoblanadi. Uning mudofaa sohasidagi tajribasi esa xalq orasida mashhur bo‘lmagan Makron uchun o‘ziga xos jihat bo‘lishi mumkin, chunki bu Fransiya armiyasini qayta qurollantirish ahamiyatiga e’tiborni qaytarish imkonini beradi.
U 2022 yilda vazir qilib tayinlangach, hukumatda asosiy shaxsga aylandi. 35 yoshida Fransiyaning zamonaviy tarixdagi eng yosh mudofaa vaziri bo‘ldi.
U o‘z siyosiy faoliyatini Fransiyaning an’anaviy o‘ng qanot partiyasi – “Respublikachilar”da boshlagan. Keyinroq esa hukumatda kichik lavozimga tayinlangach, Makronning markazchi partiyasiga qo‘shildi. Shundan so‘ng turli yo‘nalishlarda vazirlik lavozimlarini egalladi: ekologiya, jamoatchilik ishlari va dengizorti hududlari.
Mudofaa vaziri sifatida u haqiqiy “omon qoluvchi” bo‘ldi. Makronning ikki prezidentlik davrida hukumat tarkibi tez-tez o‘zgarib turgan bo‘lsada, Lekornyu doimiy barqaror shaxs sifatida saqlanib qoldi. Bu vazifa qiyinchiliklarsiz ham bo‘lmadi. Uning davrida Yevropada so‘nggi yuz yildagi eng yirik urush – 2022 yildan beri Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etmoqda. Fransiya Ukrainani qurol, razvedka va harbiy tayyorgarlik bilan ta’minlab kelmoqda. Lekornyu esa bu vazifani amaliy va qat’iy yondashuv bilan olib bordi.
U mudofaa byudjetini ikki baravar oshirishga, yangi bronetexnika turkumini joriy etishga erishdi, shu bilan birga, hatto AQSH raqobatiga qaramay Fransiya qurol-aslahasini dunyo bo‘ylab sotdi.
Ideologik jihatdan u o‘zini cheklab qo‘ymadi, bu esa uni keng siyosiy doiralar bilan ishlay oladigan Bosh vazir sifatida jozibador qildi.

Boshqa vazirlardan farqli ravishda, u madaniy bahslar va murakkab masalalar – migratsiya yoki Fransiyadagi islom masalalarida yuqori profil ko‘rsatmadi. Shu tariqa u populistik siyosat zamonida hukumatga tinchlik va oriyat olib kirdi.
Lazarning ta’kidlashicha, Lekornyu muayyan muvozanatni taqdim etadi – u o‘ng qanot siyosatchi bo‘lsa-da, Fransiyada “ijtimoiy gollizm” deb ataladigan siyosiy yo‘nalishning vakili. Bunday siyosatchilar zarurat bo‘lsa soliqlarni oshirishdan ham qo‘rqmaydi, bu esa Makronning biznesga yo‘naltirilgan siyosatidan farq qiladi.
Lekornyu jurnalistlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi va fransuz harbiy hamjamiyatining qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lishi bilan ham tanilgan.
Fransiya milliy assambleyasidagi hisob-kitob esa o‘zgarmagan – har qanday byudjetni tasdiqlash uchun asosiy to‘siq shunda. Makronning bloki parlamentda kuchsiz holatda, hozir ko‘pchilik o‘ringa ega emas, hatto eng yirik partiya ham hisoblanmaydi.
Lazarning fikricha, Bosh vazirning eng muhim fazilati – parlamentdagi turli siyosiy bloklarni birlashtira olish qobiliyati. Chunki hech kim yana parlament tarqatilishini istamaydi. Yana bir saylov o‘tkazilsa, undan faqat o‘ta o‘ng qanot foyda ko‘rishi aniq. Shuning uchun esa chapdan to an’anaviy o‘ng qanotgacha bo‘lgan barcha deputatlarni birlashtirish zarur.

2023 yilda Makron kutilmagan tarzda muddatidan oldin saylovlar e’lon qilgach, Fransiya parlamenti uchta blokqa bo‘linib qoldi: markaz (Makronning zaiflashgan qo‘llab-quvvatlovi), chap qanot (asosan radikal chaplar yetakchiligida) va o‘ta o‘ng qanot bloki, ular yaqin vaqtda hokimiyatni egallaymiz, deb hisoblaydi.
Bu bloklarning hech biri Makronning biznesga mo‘ljallangan, qisqarish siyosatiga asoslangan byudjetiga qiziqish bildirmaydi.
“Prezident oldidagi barcha variantlar harakat imkoniyatini juda cheklaydi. To‘g‘ri nomzod topish o‘ta qiyin”, deydi Lazar.
Shunday bo‘lsa-da, hisob-kitobdan kelib chiqib, Lekornyu muvaffaqiyat qozonishi uchun yagona yo‘l – murosa va koalitsiyadir. Ammo uning oldingi ikki bosh vazir bunday yo‘lda omadsizlikka uchragan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr