Fransiya sobiq prezidenti Kaddafiyning moliyaviy ishida aybdor deb topildi
Olam
−
25 Sentabr 3850 2 daqiqa
Parij sudi bugun, 25 sentyabr kuni Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq ish bo‘yicha Liviya rasmiylari bilan jinoiy til biriktirishda aybdor deb topdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Sarkozi Liviyaning marhum rahbari, polkovnik Muammar Kaddafiydan millionlab noqonuniy mablag‘larni olish bilan bog‘liq ish bo‘yicha jinoiy til biriktirishda aybdor deb topilgan.
Sud Sarkozini 2005-2007 yillardagi “jinoiy fitnada ishtirok etish”da aybdor deb topdi, biroq uni davlat mablag‘larini o‘g‘irlash va passiv korrupsiyada oqladi.
Prokurorlar Sarkoziga 7 yillik qamoq jazosi, 300 ming yevro jarima va davlat lavozimlarida ishlash huquqidan 5 yilga man etishni so‘ragan edi. U besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm u apellyatsiya bergan taqdirda ham qamoqda o‘tirishini bildiradi. Hukm ko‘pchilik kutganidan qattiqroq bo‘ldi va zamonaviy Fransiyaning siyosiy tarixida birinchi bo‘ldi.
Bu ishda Sarkozidan tashqari yana 11 kishi, jumladan hukumatning sobiq a’zolari ham bor.
Sarkozining sobiq apparat rahbari Klod Gean (u uchun bu birinchi sudlanganlik emas) 500 ming yevro olganlik uchun passiv korrupsiya, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish va “ta’sir o‘tkazish”da aybdor deb topildi.
Sobiq vazir Bris Ortfe “jinoiy til biriktirishda ishtirok etish”da aybdor deb topildi, biroq boshqa ayblovlar bo‘yicha oqlandi.
Sarkozi va Kaddafiyning yaqin doiralari o‘rtasida vositachi bo‘lib ishlagan tadbirkor Aleksandr Juxri korrupsiya va ta’sir o‘tkazishda aybdor deb topildi.
Ma’lumot uchun, Sarkozi Fransiyani 2007-2012 yillarda boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya prokuraturasi respublikaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini 2007 yilgi saylovoldi kampaniyasini Liviyadan moliyalashtirgani bo‘yicha yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr