Isroilda falastinlik mahbuslarni qatl qilishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi
Olam
−
18 may 2224 2 daqiqa
Isroilda “terrorchilar” uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun qo‘llanila boshlandi. Tegishli tuzatishni mamlakat Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni imzoladi.
Qayd etilishicha, Isroil ilgari mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan terrorchilar uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonunni rasman amaliyotga joriy etishni boshlagan.
Isroil Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni general-mayor Avi Blot Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi farmonga kiritilgan tuzatishni imzolagan. Ushbu hujjat yangi qonun qoidalarini amaliyotda qo‘llash imkonini beradi.
Ushbu qaror Mudofaa vaziri Israel Katsning ko‘rsatmasiga binoan qabul qilindi. Vazirlik siyosatning bunday o‘zgarishi Falastinning HAMAS harakati tomonidan 2023 yil 7 oktyabrda sodir etilgan hujumga nisbatan javob reaksiyasi bo‘lganini bildirgan.
Qonun matniga ko‘ra, “Isroil davlati mavjudligini inkor etish” maqsadida terrorchilik harakatini sodir etgan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan birga, hujjatdagi ifodalardan kelib chiqilsa, G‘arbiy Sohilda qonunning amal qilishi Isroil fuqarolari va Isroil rezidentlik maqomiga ega bo‘lgan shaxslarga, katta ehtimol bilan, tatbiq etilmaydi.
Gap Yahudiya va Samariya hududi haqida bormoqda – Isroilda Iordan daryosining G‘arbiy Sohili aynan shunday nomlanadi.
Eslatib o‘tamiz, terrorchilar uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun Knesset (Isroil parlamenti) tomonidan mart oyida qabul qilingan edi. Biroq ushbu hujjat Isroilning o‘zida ham, uning tashqarisida ham katta aks-sado berdi. Tanqidchilar qonundagi mavhum ifodalar tufayli uni kamsituvchi (diskriminatsion) deb atadi.
Live
Barchasi