Italiyada bosqinchilar bankni to‘nab, tunnelda izsiz g‘oyib bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 16 aprel kuni Italiyaning Neapol shahrida qurollangan guruh bank filialini talon-toroj qilib, 25 kishini garovga oldi va yerosti tunnellari orqali qochib ketdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mahalliy vaqt bilan tush payti boshlangan hodisada politsiya qisqa fursatda bankni qurshab olgan. Taxminan ikki soat davom etgan muzokaralardan so‘ng garovdagilar ozod qilingan, ammo jinoyatchilar izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Favqulodda xizmat xodimlari bank oynalarini sindirib, ichkaridagi odamlarni evakuatsiya qilgan. Shok holatiga tushgan olti kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Guvohlardan biri jinoyatchilar ularni xonaga qamab qo‘yganini, qurollangan bo‘lsa-da, zarar yetkazmaganini aytgan.

Voqea kattalashgani sabab boshqa hududdan politsiya maxsus kuchlari jalb qilingan. Minglab odamlar jonli efir orqali kuzatgan operatsiya davomida bank ichiga bostirib kirilgan. Biroq ichkariga kirilganda talonchilar allaqachon qochib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, ular oldindan tayyorlangan tunnel orqali kanalizatsiya tizimiga tushib, izsiz yo‘qolgan. Hozircha talonchilikning moliyaviy zarari aniq emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchilar naqd puldan ko‘ra kuzatish qiyin bo‘lgan shaxsiy seyflardagi qimmatbaho buyumlarni nishonga olgan. Politsiya kanalizatsiya tarmog‘i bo‘ylab keng ko‘lamli qidiruv ishlarini boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyadagi muzeydan Renuar, Sezann va Matissning millionlab dollarlik asarlar o‘g‘irlab ketilgandi. Yuzlarini berkitib olgan o‘g‘rilar kirish eshigini buzgan va bor-yo‘g‘i uch daqiqa ichida san’at durdonalari bilan bog‘ orqali g‘oyib bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

bosqin Italiya tunnel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing