Italiyada g‘ayrioddiy temir yo‘l taksisi sinovi boshlandi

Bu qiziq

image

Italiyaning Trento shahrida temir yo‘l sayohatlarining odatiy formatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan RailEvo – avtonom temir yo‘l kapsulalari taqdim etildi. Bu haqda loyihaning rasmiy saytida xabar berildi.

Shimoliy Italiyada RailEvo tizimining to‘liq o‘lchamli prototipi namoyish etildi. Ishlab chiqaruvchilar ushbu loyihani “temir yo‘l taksisi” deb atamoqda. Loyiha allaqachon Trentoda sinovdan o‘tkazilmoqda va kichik shaharlar hamda shahar atrofi hududlari uchun jamoat transportining yangi formatiga aylanishi mumkin.

RailEvo’ni oddiy poyezd bilan solishtirish qiyin. Tizim uzun vagonlar o‘rniga 4–6 kishiga mo‘ljallangan ixcham avtonom kapsulalardan foydalanadi. Ular mavjud temir yo‘l liniyalari bo‘ylab harakatlanadi va taksi prinsipi asosida ishlaydi – yo‘lovchi ilova orqali transportni qulay vaqtda chaqirishi mumkin bo‘ladi.

Loyiha mualliflari odatiy jadval va belgilangan poyezdlardan voz kechishni taklif qilmoqda. Buning o‘rniga relslar bo‘ylab kichik modullarning uzluksiz oqimi harakatlanadi, ular stansiyalardan mustaqil ravishda chiqib ketadi va yo‘lni to‘xtovsiz davom ettiradi.

Loyihaning asosiy xususiyatlaridan biri “vertikal almashinuv” tizimi bo‘lgan. Bu tizim kapsulalarga bir izli yo‘llarda murakkab yo‘l o‘tkazgichlarsiz va kutishlarsiz bir-birini o‘tkazib yuborish imkonini beradi. Buning uchun qo‘shimcha yuqori relsdan foydalaniladi: bir kapsula vaqtinchalik asosiy liniyadan yuqoriga ko‘tarilib, boshqasiga yo‘l bo‘shatib beradi.

Loyiha mualliflarining bildirishicha, bunday sxema temir yo‘l tarmog‘i samaradorligini, ayniqsa, kam yuklangan yo‘nalishlarda sezilarli darajada oshirishi mumkin.

RailEvo asoschisi Federiko Bernabeining aytishicha, energiya sarfini kamaytirish uchun kapsula imkon qadar tor va ixcham qilingan. Shu bilan birga, ichkarida nogironlar aravachasi, velosiped va hatto yuklar uchun joy ko‘zda tutilgan.

Tizimning yana bir o‘ziga xosligi – sanoat robototexnikasida qo‘llaniladigan maxsus g‘ildiraklar. Ular tufayli kapsula nafaqat oldinga va orqaga, balki yon tomonga ham harakatlanishi mumkin, bu esa manyovr qilish va to‘xtashni osonlashtiradi.

RailEvo bosh direktori Nikola Moskining so‘zlariga ko‘ra, servis kechayu kunduz ishlaydi. Yo‘lovchilar safar formatini tanlashlari mumkin bo‘ladi: to‘xtovsiz individual yo‘nalish uchun qimmatroq tarif yoki hamrohlar va oraliq stansiyalar bilan arzonroq variant.

Loyiha Italiyaning RailEvo startapi tomonidan Trentino Trasporti, Trentino Sviluppo va Bruno Kessler jamg‘armasi ko‘magida ishlab chiqilgan. Hozirda Trentoda sinov liniyasi ishlamoqda, mahalliy hokimiyat esa 2030 yilgacha birinchi to‘laqonli liniyani ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Fengfei Aviation Technology kompaniyasi og‘irligi 5 tonnaga teng dunyodagi ilk yirik V5000 eVTOL (elektr quvvatli vertikal uchish-qo‘nish qurilmasi) parvozini muvaffaqiyatli yakunlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya temir yo'l taksisi RailEvo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing