Qirg‘izistonda shifokor va o‘qituvchilarga hujum qilganlarga jinoiy jazo berilishi mumkin

Olam

image

Qirg‘izistonda parlamentga shifokorlar va o‘qituvchilarga hujum qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish taklif qilindi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.

Bugun, 11 sentyabr kuni parlament yig‘ilishida mamlakatning Sog‘liqni saqlash vaziri Erkin Checheybayev “Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, xodimga o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida hujum qilganlik uchun jazo joriy etish taklif qilinmoqda. Loyiha sog‘liqni saqlash, ta’lim va davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan boshqa sohalarda ishlaydigan xodimlarning xavfsizligi va qadr-qimmatini saqlashga qaratilgan.

“So‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan hujum va tajovuz holatlari tez-tez uchramoqda. Bu muammoning jiddiyligini ko‘rsatadi. Jinoyat kodeksida bunday jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanmagan. Shu bois, bu o‘zgarishlarga ehtiyoj bor edi”, dedi vazir.

Qonun kuchga kirsa, o‘qituvchi va shifokorlarga kuch ishlatganlar katta miqdorda jarima to‘lashdan tashqari 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova mamlakatda shifokorlarga hujum qilinishining oldini olish uchun shifoxonalarni qo‘riqlash kuchaytirilishini aytgandi. Vazir tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor munosabatlarga chek qo‘yishga chaqirgan. Oxirgi paytlarda Qarag‘anda shahrida xususiy klinika hamshirasi va Kostanay viloyatida viloyat shifoxonasining urologiya bo‘limida ishlovchi yosh jarrohga qilingan hujum alohida e’tiborga molikligini aytib o‘tgan. Kostanaydagi voqea navbat kutishni istamagan bemor sabab yuz bergan. Bemor shifokorga jiddiy tan jarohati yetkazgan, oqibatda u hushini yo‘qotgan va hozirda og‘ir ahvolda, reanimatsiyada.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston SSV shifokorlar o'qituvchilar Erkin Checheybaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing