Qozog‘istondan benzin va dizel olib chiqishga taqiq uzaytiriladi
Olam
−
17 aprel 1387 1 daqiqa
Qozog‘iston mamlakat hududidan benzin, dizel yonilg‘isi va ayrim turdagi neft mahsulotlarini olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni uzaytiradi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Energetika vazirligi xabar berdi.
Buyruq loyihasiga ko‘ra, taqiq 2026 yilning 21 noyabrigacha uzaytiriladi. Hujjatda neft mahsulotlarini avtomobil transportida, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga olib chiqishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, temir yo‘l transporti orqali yengil distillyatlarni olib chiqishga qo‘yilgan cheklovlar ham saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan 31 dekabrgacha Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bojxona hududidan tashqariga yengil distillyatlar, aviakerosin, dizel yonilg‘isi, gazoyl, toluol, ksilol va neft bitumini olib chiqishga qo‘yilgan qo‘shimcha taqiq ham uzaytiriladi.
“Qabul qilingan chora-tadbirlar Qozog‘istonning energetik xavfsizligini ta’minlash va ichki neft mahsulotlari bozori barqarorligini saqlashga qaratilgan”, deya tushuntirish bergan vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati benzin eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlarni 31 iyulga qadar bevosita neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ham tatbiq etgandi.
Live
Barchasi18 aprel