Kanada SAFE mudofaa fondiga qo‘shildi
Olam
−
02 dekabr 917 2 daqiqa
Kanada Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar orasida birinchi bo‘lib “Yevropa uchun xavfsizlik harakati” (SAFE) tashabbusiga qo‘shildi. Bu Ottavaga YeI tomonidan kafolatlangan imtiyozli kreditlar orqali qurol-aslahalar xarid qilish imkonini beradi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Keltirilishicha, kecha, 1 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi va Kanada Ottavaning SAFE mudofaa dasturiga qo‘shilganini rasman e’lon qilgan. 150 milliard yevrolik ushbu fondga kirish huquqi Kanada kompaniyalariga harbiy texnika xarid qilishda moliyaviy imtiyozlar yaratadi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Kanada Bosh vaziri Mark Karni qo‘shma bayonotida birgalikda global xavfsizlik uchun muhim davrda sanoatlar o‘rtasida mustahkam mudofaa ta’minot zanjirlarini shakllantirishini ma’lum qildi.
Kanada SAFE'ga kirish huquqiga ega bo‘lgan birinchi YeI'ga kirmagan davlat sifatida tarixga kirdi. Mark Karnining ta’kidlashicha, bu qadam Kanadaning mudofaa ta’minoti tizimini diversifikatsiya qilish, shuningdek, mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Kanadaning SAFE'dagi ishtiroki asosiy qobiliyat bo‘shliqlarini to‘ldiradi, kanadalik yetkazib beruvchilar uchun bozorlarni kengaytiradi va Yevropa mudofaa investitsiyalarini mamlakatga jalb qiladi,” dedi Karni.
Avvalroq Buyuk Britaniya ham SAFE'ga qo‘shilish istagini bildirgan, biroq London talab etilgan kirish badalidan norozi bo‘lgani uchun muzokaralar to‘xtab qolgandi.
Ma’lumot o‘rnida, “Yevropa uchun xavfsizlik harakati” (SAFE) jamg‘armasi 2025 yil may oyida Yevropaning Rossiyadan kelayotgan xavflar fonida mudofaa salohiyatini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan. Tashabbusning asosiy maqsadlari – Yevropaning mudofaa qudratini oshirish, Ukrainaga yordamda va umumiy xavfsizlikda AQSHga qaramlikni kamaytirish, Yevropa mudofaa sanoatini mustahkamlash hisoblanadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr