Kazinolar ochilishi to‘g‘ri qaror bo‘lganini vaqt ko‘rsatdi – Japarov
Olam
−
30 aprel 5008 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 4 yil oldin mamlakatda kazinolarning faoliyati rasmiylashtirilgani to‘g‘ri qaror bo‘lganini aytdi. Bu haqda u “Kaktus” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Qirg‘izistonda kazinolar faoliyatiga ruxsat beruvchi qonun qabul qilinayotgan paytda bu qaror jiddiy bahs va xavotirlar keltirib chiqargan edi. Prezident Sadir Japarov jamiyat qarshiligiga qaramay, tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan va Jogorku Kenesh qonun qabul qilgan.
Davlat rahbari bugungi kunda bu qonun qanday ishlayotgani va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlayotgani haqida aytib o‘tgan.
“Kazino haqidagi qonun – bizning siyosiy irodamiz asosida qabul qilingan qarorlardan biridir. Davlat uchun bunda hech qanday nomaqbul jihat yo‘q. Bu qaror kimningdir shaxsiy manfaatlari uchun qabul qilinmagan. Vaqt uning to‘g‘riligini ko‘rsatdi”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat qabul qilinayotganda Qirg‘iziston fuqarolari kazinolarga qatnay boshlaydi va bu odamlar hayotiga salbiy ta’sir qiladi degan xavotirlar bo‘lgan.
“Ammo shu vaqtgacha mamlakat fuqarolarining kazinolarga borgan birorta ham holati qayd etilmadi. Dastlabdan hisob-kitob turistlar va qo‘shni davlatlarning badavlat fuqarolariga qaratilgan edi. Bugungi kunda xorijlik boy mijozlar o‘z mablag‘larini Qirg‘izistonda sarflamoqda, shu bilan birga mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari yaratilmoqda. Ilgari, masalan, Kiprda ishlagan minglab vatandoshlarimiz qaytib kelib, o‘z yurtida ishlayapti. Men qaror qabul qilayotganda har doim faqat davlat manfaatlaridan kelib chiqaman”, degan Japarov.
U hozir kazinolar davlat byudjetiga daromad keltirayotganini, shu bilan birga fuqarolar zarar ko‘rmayotganini eng muhim natija deb baholagan.
“Eng asosiysi, muvozanatga erishildi: ilgari boy fuqarolarimiz chet elda yutqazgan millionlar endi Qirg‘izistonda xorijliklar tomonidan yutqazilayotgan mablag‘lar hisobiga qoplanmoqda”, degan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Maksim Gorkiy nomidagi bog‘da kazino ochilishiga qarshi miting bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi