Xitoy Yaponiya yaqinida operatsiya o‘tkazdi
Olam
−
08 dekabr 1945 3 daqiqa
Xitoy aviatashuvchisi Yaponiya yaqinida 100 ga yaqin havo mashg‘ulotlarini amalga oshirdi. Bundan norozi bo‘lgan Yaponiya Xitoy elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirdi. Xitoy esa bu iddaolarni rad etmoqda. Bu ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirib, diplomatik noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda “The Straits Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur to‘qnashuvlar Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi o‘tgan oy bergan ogohlantirishidan keyin ro‘y bergan. O‘shada Bosh vazir agar Xitoyning Tayvanga nisbatan harbiy harakati Yaponiyaning xavfsizligiga tahdid solsa, Tokio javob qaytarishi mumkinligini aytgandi.
Yaponiya Mudofaa Kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning Liaoning aviatashuvchisi Okinava yaqinidan o‘tib, Tinch okeanining sharqiy qismiga yo‘l olgan va hafta davomida qariyb 100 ta harbiy mashg‘ulotlarini bajargan.
Kecha, 7 dekabr kuni Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisi Vu Szyanxaoni chaqirib, Xitoy qiruvchi samolyotlari yapon kuzatuv samolyotlariga radar nuri yo‘naltirgani uchun norozilik bildirdi. Bunday radar yo‘naltirish bo‘lajak hujum ehtimoli sifatida baholanadi.
Xitoy elchixonasi Tokioning da’volarini rad etdi va aksincha, yapon samolyotlarini Liaoning hamda uni kuzatayotgan uchta raketa-destroyeriga xavf tug‘dirganlikda aybladi.
“Elchixona Yaponiya tomonini asossiz ayblovlardan voz kechishga, front chizig‘idagi xatti-harakatlarni cheklashga va bunday holatlarning takrorlanmasligini ta’minlashga chaqiradi”, deyiladi bayonotda.
Yaponiya hukumat kotibi Minoru Kihara Xitoyning ayblovlarini rad etib, Tokio vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya xotirjam, ammo qat’iy pozitsiyani saqlaydi, Xitoy qo‘shinlarining mamlakatga yaqin hududlardagi faolligini kuzatishda davom etadi.
Takaichi bayonotlaridan so‘ng, Pekin o‘z fuqarolariga Yaponiyaga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi. Bundan tashqari, Xitoy Fukusima AESdan tozalangan suv bo‘yicha bahslardan so‘ng tiklanayotgan yapon dengiz mahsulotlari importini ham vaqtincha to‘xtatdi.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy demokratik boshqaruvdagi Tayvanni o‘z hududi deb biladi va oxirgi yillarda orolga nisbatan harbiy-siyosiy bosimini oshirmoqda. Tayvan hukumati esa bu hududiy da’volarni qat’iyan rad etadi. Tayvan avvalgi Yaponiya koloniyasi Okinavaning eng g‘arbiy orolidan atigi 110 kilometr masofada joylashgan.
Yaponiya hududida AQSHning eng yirik xorijdagi harbiy kontingenti joylashgan bo‘lib, Okinavada minglab AQSH dengiz piyodalari bor.
AQSH Davlat departamenti ham, Tokiodagi elchixonasi ham radar insidenti bo‘yicha izoh berish so‘rovlariga javob bermadi.
AQSHning Yaponiyadagi elchisi Jorj Glass Yaponiyani qo‘llab-quvvatladi, biroq Prezident Donal’d Tramp keyingi yili savdo muzokaralari uchun Pekinga borishni rejalashtirayotgani bois bu borada izoh berishni istamadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Tayvan va Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha Xitoy bilan mojaroning oldini olish uchun AQSH va ittifoqchilarning harbiy qudratini kuchaytirishga asoslangan yangi strategiyani e’lon qilgandi.
Live
Barchasi