Kolumbiya AQSH bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatmoqchi
Olam
−
12 noyabr 1654 2 daqiqa
Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro mamlakat harbiylariga AQSH maxsus xizmatlari bilan barcha aloqalarni uzishni buyurdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Kolumbiya AQSH ma’muriyati Karib dengizida giyohvand moddalarni tashishda gumon qilingan kemalarga zarba berishni to‘xtatmagunicha, razvedka ma’lumotlari almashinuvini davom ettirish niyatida emas. Tanqidchilar AQSHni giyohvand moddalar tashishda gumon qilinayotgan tezkor katerlarga hujumlarni “sudsiz qatl” deb baholamoqda.
Petroning fikricha, ilgari giyohvandlikka qarshi kurashda yaqin hamkor bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora yomonlashmoqda.
Bu orada BMT AQSHning Karib dengizi va Tinch okeanida giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan kemalarga qarshi uyushtirayotgan havo hujumlari xalqaro huquqni buzayotganini bildirgan va bunday amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirgan. Shuningdek, Petro ham Donald Trampni Venesuela, Ekvador, Kolumbiya hamda Trinidad va Tobagoda tinch aholiga zarar yetkazgan harbiy hujumlar uchun urush jinoyatlarida javobgarlikka tortishni so‘ramoqda.
Qayd etish joiz, Tramp ma’muriyati Petroni giyohvand moddalar savdogarlariga nisbatan “yumshoqlikda” ayblab, Kolumbiya Prezidenti tomonidan narkotrafikka aloqador isyonchi yetakchilarni AQSHga ekstraditsiya qilmaslik qarorini keskin tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesueladan AQSH tomonga harakatlanayotgan “narkoterroristlar” qayig‘iga qarshi zarba berilganini ma’lum qilgandi. AQSH harbiylari xalqaro suv hududida giyohvand moddalar olib ketayotgan kemani nishonga olgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, kema Qo‘shma Shtatlar tomon yo‘l olgan bo‘lib, hujum oqibatida uch nafar “narkoterrorist” halok bo‘lgan, amerikalik harbiylarlarga esa hech qanday ziyon yetmagan.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi