Ko‘pchilikning “og‘zini yopgan” Takaichining va’dasi yilning eng yaxshi iborasi bo‘ldi
Bu qiziq
−
02 dekabr 6591 2 daqiqa
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining “ishlash, ishlash, ishlash, ishlash va ishlash” haqidagi va’dasi mamlakatda yilning eng yaxshi iborasi deb topildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, siyosatchining oktyabr oyida lavozimga kirishidan oldin aytilgan so‘zlari yigirmadan ortiq raqib iboralarni ortda qoldirib, 2025 yilning eng mashhur ibora sifatida e’tirof etilgan.
Takaichi Liberal demokratik partiyasi (LDP) deputatlariga murojaat qilib, “hammani otdek ishlashga majbur qilishini” aytgan edi. Shuningdek, u shaxsiy hayot va ish muvozanatidan voz kechishini ham ta’kidlagan. O‘z navbatida, uzoq ish soatlari bilan mashhur bo‘lgan Yaponiyada bu so‘zlar katta norozilik uyg‘otdi.
Karoshi (ortiqcha ishlash oqibatida o‘lim) qurbonlarini himoya qiluvchi advokatlar bunday bayonotni “foydasiz” deb baholadi. Bosh vazirning o‘zi parlamentda kechasiga atigi ikki-to‘rt soat uxlayotganini aytgach, ba’zilar bu uning sog‘lig‘i uchun xavfli ekanini bildirdi.
Mukofotni qabul qilarkan, Takaichi so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini aytib, bunday fikrlar bilan ortiqcha ishlashni targ‘ib qilmoqchi bo‘lmagani, balki samarali rahbar bo‘lishga intilishini bildirmoqchi bo‘lganini tushuntirdi.
G‘olib ibora Yaponiyaning “Zamonaviy jamiyat yilnomasi” nashriyoti tuzgan vaqtinchalik ro‘yxatdan tanlab olinadi. Takaichi bu mukofotga sazovor bo‘lgan to‘rtinchi siyosatchi bo‘ldi.
Shuningdek, kecha, 1 dekabr kuni Takaichining so‘zlari yana e’tibor markaziga tushdi. U Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda “og‘zingni yop” degan iborani ishlatdi – bu qo‘pollik emas, balki mashhur “Attack on Titan” mangasidagi satr edi. U tadbirda shunday dedi:
“Yapon manga va animelari Saudiya Arabistonida juda mashhur. Nutqimni esa “Attack on Titan”dagi mashhur satr bilan yakunlamoqchiman, “Og‘zingizni yoping” va hamma narsani menga investitsiya qiling!” (Just shut your mouths. And invest everything in me)
Ma’lumot uchun, Takaichi o‘shanda “Sahrodagi Davos” deb ataladigan, Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan FII Priority Asia 2025 konferensiyasida so‘zga chiqqan edi.
Live
Barchasi