Mirziyoyev Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida qatnashdi

Sport

image

Bugun, 26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasidagi stadionda Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, katta sport bayramiga chorlov musiqasi yangragan. Stadionga hududiy saralash musobaqalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilar va jamoalar, jahon, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari chempionlari chiqib kelgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan.

“Bugun Yangi O‘zbekiston timsoli bo‘lgan mana shu muazzam Olimpiya shaharchasida sizlar bilan birga Prezident Olimpiadasi o‘yinlariga start bermoqdamiz. Mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilayotgan, butun yurtimiz yoshlarini olimpiya harakatining ezgu g‘oyalari asosida birlashtirayotgan ushbu sport bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!” deydi davlat rahbari.

Bildirilishicha, so‘nggi sakkiz yilda byudjetdan sportga berilayotgan yillik mablag‘ 250 milliard so‘mdan 3 trillion so‘mga oshgan, sport murabbiylarining o‘rtacha maoshi 7 barobar ko‘paygan, 250 dan ziyod yirik sport ob’ektlari yangidan qurilgan, 100 ga yaqini rekonstruksiya qilingan. Mahallalarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etilgan, 14 ta Olimpiya va Paralimpiya markazlari to‘liq zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan.

“Bu ishlar yurtimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi va sporti yuksak rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Jumladan, Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida mard va bahodir sportchilarimiz chinakam jasorat ko‘rsatib, 13-o‘rinni egalladi. Ana shunday zafarli yurishning davomi sifatida joriy yilda yoshlarimiz jahon universiadasida 13-o‘rinni, Bahraynda o‘tkazilgan Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida faxrli 2-o‘rinni egalladilar. Ayniqsa, o‘g‘il-qizlarimiz jahon, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida 50 dan ortiq rekord natijalarga erishgani yurtimizning xalqaro Olimpiya harakatidagi o‘rni va nufuzini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

“Hech shubhasiz, Yangi O‘zbekistonning sport tarixini yuzlab irodasi mustahkam, jasur va matonatli, yuksak intellektual salohiyatga ega o‘g‘il-qizlarimiz yaratmoqda. Ana shunday qahramon sportchilarimizga shon-sharaflar bo‘lsin! Ularning boshi uzra Vatanimiz bayrog‘i hamisha mag‘rur hilpirab tursin!” deydi Prezident.

Bugungi kunda dunyoda barcha sohalar qatori sport olamida ham keskin kurash va raqobat kechayotgani ta’kidlangan. Bu esa nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Bu ishlarni eng quyi bo‘g‘in bo‘lgan mahalladan boshlash uchun joriy yil besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari bilan 15 million aholi qamrab olingan. Adaptiv sportga berilayotgan e’tibor tufayli so‘nggi uch yilda parasportchilar soni qariyb yetti karra oshib, 70 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar ommaviy sportga jalb etilgan. Sohani raqamlashtirish va shaffofligini oshirish hisobiga barcha 10 ming maktab va 9 ming mahalladagi o‘g‘il-qizlar o‘z salohiyatini namoyon qilish imkoniga ega bo‘lgan.

Endi eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi o‘yinlari boshlanmoqda. Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumta’lim maktablaridagi sport to‘garaklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgan. Eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar Prezident Olimpiadasiga kelgan. Ular sportning 10 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro bellashuvlarni boshlagan.

G‘oliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng asosiysi, ular terma jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi.

A’lo darajadagi tayyorgarlikni davom ettirish uchun ular Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi va har biriga stipendiya beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har yili o‘tkaziladigan Prezident Olimpiadasi yangi iqtidorlarni kashf qilib, samarali seleksiya tizimiga aylanadi.

Kelgusi yildan boshlab, suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazilib, Prezident Olimpiadasidagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.

2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Jahon chempionati hamda 2029 yilda Yoshlar Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi. “Bunday yirik musobaqalar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, katta mahorat maktabi bo‘ladi, mamlakatimizning do‘stlik va hamkorlik diyori sifatida xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshiradi. Prezident Olimpiadasi tizimi esa hech shubhasiz, bunday musobaqalarga javohir sportchilarni tanlab olishga, xususan, 2028 yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun har bir hududdan litsenziyalar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi”, deydi Prezident.

Davlat rahbari xushxabarni e’lon qilish uchun nutqida tanaffus qilgan. Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi finalida grossmeyster Javohir Sindorov g‘alaba qozongani haqidagi yangilik gulduros qarsaklar bilan kutib olingan.

So‘zini davom ettirar ekan, Prezident sportning tarbiyaviy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tgan. Turli zararli g‘oya va ta’sirlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom etib tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan.

“Men bu borada sportni tarbiyadan, tarbiyani esa sportdan ayri holda tasavvur etolmaydigan sizdek hurmatli sportchilar, faxriylarimiz va ustoz-murabbiylarga tayanaman”, deydi Prezident.

Davlat rahbari so‘zining yakunida Olimpiada ishtirokchilariga omad va zafarlar tilagan. Stadionga O‘zbekiston bayrog‘i olib chiqilgan va ko‘tarilgan, mamlakat madhiyasi ijro etilgan. Olimpiya mash’alasi yoqilib, katta sport bayrami boshlangan. Tadbir teatrlashtirilgan madaniy dastur bilan davom etgan.

Marosimdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Davlat rahbari Sindorovni Hindistonda o‘tgan shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida erishgan g‘alabasi bilan o‘z nomidan va barcha yurtdoshlar nomidan qizg‘in tabriklab, ushbu tarixiy voqea butun xalqni quvontirganini ta’kidlagan. Yosh sportchiga kelgusi yilda Kiprda bo‘lib o‘tadigan Da’vogarlar turnirida muvaffaqiyatlar tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident Olimpiadasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing