Mojaroli kubok finali: Bosh hakam savollarga javob berdi (video)

Sport

image

Bugun, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida mamlakat kubogi final uchrashuvidagi hakamlarning bahsli qarorlari yuzasidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi (O‘zFHM) rahbari Ma’mur Saidqosimov va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda finalda ishlagan hakamlar brigadasi bosh hakami Naim Qosimov va yordamchilari Zufar Eliboyev hamda Farhod Usmonov Qashqadaryoda bo‘lgani sababli onlayn tarzda qatnashdi. VAR hakami Asker Najafaliyev esa bevosita uchrashuvda ishtirok etdi. Muhokamada “Bobur Arena”da o‘tgan “Paxtakor” – “Buxoro” uchrashuvidagi uchta bahsli holat bo‘yicha hakamlarning qarorlari tahlil qilindi.

Avvalo, birinchi bo‘lim yakuniga yaqin paytda “Paxtakor” foydasiga bahsli penalti vaziyat ko‘rib chiqildi.

“Flamarion yiqilgan holatda “Paxtakor” futbolchisi oyog‘ini “Buxoro” o‘yinchisiga qarata uzatgan. “Buxoro” futbolchisi to‘pga o‘ynagan va bu vaziyatda penalti belgilanmasligi to‘g‘ri bo‘lgan”, deydi Ma’mur Saidqosimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Paxtakor” futbolchisiga nisbatan aloqadorlik (kontakt) bo‘lgan, biroq “Buxoro” o‘yinchisi birinchi bo‘lib to‘pga tegingani uchun penalti belgilanmagan. Agar u to‘pga tegmaganida, bu epizod penalti sifatida baholanishi mumkin edi. Bu yerda “Paxtakor futbolchisining asosiy maqsadi penalti ishlash bo‘lgan deb hisoblandi.

Keyingi vaziyat doirasida 75-daqiqada “Paxtakor” futbolchisi Resan Bashar raqibga nisbatan qo‘pol harakat qilgan. VAR aralashuvidan so‘ng bosh hakam Naim Qosimov epizodni qayta ko‘rib chiqdi, ammo o‘z qarorini o‘zgartirmay, futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatish bilan cheklangan.

“Resanga nega qizil emas, sariq berdim? Kontakt to‘piq qismiga bo‘ldi. “Paxtakor” futbolchisi to‘pga ulgurmadi va raqibning to‘pig‘ini butsaning tagi bilan bosib oldi. Ammo bu ehtiyotsizlik natijasida sodir bo‘lgan qo‘pollik edi, shuning uchun sariq kartochka ko‘rsatdim”, deydi Naim Qosimov.

Biroq VAR hakami Asker Najafaliyev bu qarorga qo‘shilmagan.

“Mening fikrimcha, Resanning harakati qizil kartochkaga loyiq edi. Bu borada bosh hakam bilan fikrimiz farq qildi,” deydi Najafaliyev.

Ma’mur Saidqosimovning so‘zlariga ko‘ra, markazda 7 nafar ekspert hakam faoliyat yuritadi va ular bahsli epizodlar bo‘yicha ovoz berishadi. Ularning fikricha ham, Qosimov ushbu epizodda “Paxtakor” futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatishi kerak edi. Biroq bosh hakam o‘z qarorini o‘zgartirmagan.

Qosimov, shuningdek, finaldan ikki kun oldin Termizdagi uchrashuvda ishlagani va bu holat finalga ta’sir ko‘rsatgan-ko‘rsatmagani haqidagi savollarga javob berdi.

“Finalga tayinlanganimni avvalroq bilgandim. Termizdagi o‘yin finalga ta’sir qilmadi. Men har ikkala jamoani o‘rganganman, tayyorgarlikda muammo bo‘lmagan”,  deydi u.

Uchinchi bahsli vaziyat “Buxoro” jamoasining hisobga olinmagan goli bilan bog‘liq bo‘ldi.

“Buxoro”ning goli bekor qilingan vaziyatda 93-raqamli futbolchi Marko Kolakovich o‘yindan tashqari holatda edi va u “Paxtakor”ning 55-raqamli futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov bilan to‘p uchun kurashga kirishdi. Qoidalarga ko‘ra, bu – ofsayd holati”, deydi VAR hakami Asker Najafaliyev bu haqda.

Bosh hakam Naim Qosimov ham vaziyatni izohlagan.

“Kolakovich o‘yindan tashqari holatda turib raqib futbolchisiga xalaqit bergani uchun golni bekor qildim. Undan keyingi epizodda ham Toma Tabatadze o‘yindan tashqari holatda turgan holda to‘p uchun kurashdi va “Paxtakor” himoyachilarining harakatiga to‘sqinlik qildi. Shu sababli ham ushbu holat ko‘rib chiqildi”,  deydi u.

Ekspert hakamlar ham ushbu epizodda “Buxoro”ning goli haqli ravishda inobatga olinmaganini tasdiqladi.

Ma’mur Saidqosimovning ma’lum qilishicha, final uchrashuvida qizil kartochka bermagani uchun bosh hakam Naim Qosimovga ekspertlar tomonidan 7,9 ball baho qo‘yilgan. Shuningdek, uchrashuvdagi xatosi sababli uning gonoraridan 25 foiz miqdorida jarima ushlab qolinadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yinda Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Hojimat Erkinovning yagona goli evaziga g‘alaba qozonib, 14-marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Asker Najafaliev O'zFHM “Bobur Arena” Naim Qosimov “Paxtakor” – “Buxoro”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing