Mualliflik huquqini buzgan san’atkorlar litsenziyasidan ayrilishi mumkin
Jamiyat
−
22 may 5113 1 daqiqa
O‘zbekistonda mualliflik huquqini buzgan ijodkorlarning litsenziyasi bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qonunchilikka muvofiq litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzilganda litsenziyalovchi organ uning amal qilishini bekor qilishni so‘rab, sudga murojaat qilishi lozim.
Qayd etilishicha, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirayotgan ijrochilar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan shoir va bastakorlardan kelib tushgan murojaatlar asosida 2024 va 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida mualliflik huquqini buzgan va sud qarorlariga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan 10 nafar ijrochilarga oid ma’lumotlarni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga taqdim etib, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq farg‘onalik shoir Ilhomjon Komilovning “Sevilmagan yor kerak menga” nomli she’ri Sardor Mamadaliyev tomonidan huquq egasining ruxsatisiz hamda shartnoma tuzmasdan foydalanilgani aniqlangandi.
Live
Barchasi