Nabijon Qosimov bilan suhbat: U nemislarning tartibli hayotiga qanchalik moslashgan?

Intervyu

Joriy yilning 27-29 may kunlari Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edik. 

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida bir qator OAV vakillari va ilmiy-tadqiqat institutlari vakillari Germaniyada bo‘lib qaytdi. QALAMPIR.UZ muxbiri O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida bo‘lib, elchi Nabijon Qosimov bilan suhbatlashdi. Ushbu suhbatning videosini yuqoridagi videopleyerda, YouTube va Mover’dagi sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin. 

Quyida esa ushbu suhbatning matnini taqdim etamiz. 

– Hurmatli elchi janoblari, vaqt ajratganingiz uchun minnatdormiz. O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari bugungi kunda qanday kechmoqda?
– Bilasizmi, oxirgi 18 yil ichida bu yil ilk bor yuqori darajadagi tashrif amalga oshirildi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev yanvar oyida Germaniyaning Berlin, Myunxen va Dyusseldorf shaharlariga tashrif buyurdilar. Bu tashrif ikki tomonlama aloqalarning rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, hamma yo‘nalishlar, xususan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion aloqalar keng rivojlanishiga zamin yaratildi. Shu tashrif arafasida 8 milliard yevroga yaqin investitsion loyihalar bo‘yicha kelishuvlar qilindi. Albatta, bu kelishuvlarning aksariyati hozircha qog‘ozda va biz bu kelishuvlarni amalga, hayotga tadbiq etishimiz kerak. Bu masalada nimes tomoni bilan hamkorlikda ishlar olib boryapmiz. Bu loyihalar ortidan boshqa loyihalar yuzaga kelyapti. Yirik nemis kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib borganini ko‘rib, boshqa kompaniyalar ham ular ortidan intilyapti. Nafaqat yirik kompaniyalar, balki o‘rta va kichik shirkatlar ham bizning bozorimizga qiziqish bildirishni boshlayapti. 

– Ushbu loyihalar ko‘proq qaysi yo‘nalishlarda? 
– Bir qator yo‘nalishlar mavjud. Masalan, infratuzilma, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash sohalariga qiziqish katta.

– May oyi oxirlarida Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu tashrif nimasi bilan ahamiyatli? 
– Avvalambor, bir yil ichida ikkita yuqori darajadagi tashrif kamdan-kam bo‘ladi. May oyida Germaniya Federal Prezidentining O‘zbekistonga tashrifini Germaniya Hukumati O‘zbekistonda bo‘layotgan jarayonlarni, islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi, siyosiy ko‘mak deb baholash mumkin. Bu shunchaki quruq ko‘mak emas, balki Prezident bilan birga bir guruh yirik tadbirkorlar ham O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu O‘zbekistonda nemis kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganidan darak beradi. Ular boryaptimi, demak qiziqish bor. O‘zbekistonda ochilayotgan yangi imkoniyatlardan ular foydalanishmoqchi. Ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi, deb o‘ylaymiz. 

– Germaniyadagi o‘zbekistonliklar – ular kimlar? Ular qanchalik elchixona atrofiga to‘plangan. Sizni qanchalik taniydi, qanchalik elchixona manzilini biladi? 
– Hozirgi kunda Germaniyada 700 ga yaqin o‘zbekistonlik yigit-qizlar bor. Ularning aksariyati talaba. Elchixonamizda Yoshlar ittifoqining vakolatxonasini ochdik, vakilini sayladik. Ular juda faol. Mart oyida Germaniyadagi O‘zbekiston yoshlari kunini tashkil etdik. Xorijiy mamlakatlarda bunday tadbir ilk bor o‘tkazilmoqda. 100 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar qatnashishdi. Ular o‘qishini bitirib, O‘zbekistonning rivojlanishiga, ochilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda o‘zining yordamini, hissasini qo‘shishga tayyor yoshlar. Ularning ko‘zi yonib turibdi. 

Albatta, Germaniyada o‘zbekistonlik yoshi katta avlod vakillari ham bor. Ammo ularning aksariyati o‘zbekistonlik bo‘lgani bilan, o‘zbek millatiga mansub emas. Ular turli sabablar bilan Germaniyaga kelgan. Ularning umumiy soni 5-6 mingtani tashkil etadi. Ular ham elchixonamizga kelib, o‘zlarini Vatanda bo‘lgandek his qilib ketishadi. 

– Germaniyaliklarda O‘zbekistonga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqish qay darajada? 
– Nemislar – tarixga qiziqadigan xalq. Shu bois O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, urf-odatlariga qiziqish juda katta. Afsuski,  ancha yillar davomida O‘zbekiston haqida ma’lumotlar yetarli darajada bo‘lmagan. Oxirgi yillar davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, xususan yanvar oyidan boshlab bir oylik vizasiz rejim joriy etilgani va O‘zbekiston haqida Germaniyada ma’lumotlar ortib borgani sayin sayyohlar soni ham o‘sib kelmoqda. Masalan, 2017 yilga nisbatan 2018 yil yakunida sayyohlar soni ikki baravarga o‘sdi. 2018 yil va 2019 yilning birinchi kvartalidagi natijalarni solishtirsangiz, 42 foizga o‘sish kuzatilganini ko‘rasiz. Raqamlarga qarasangiz, oyma-oy sayyohlar soni o‘sib bormoqda. Bu masalaning birinchi tomoni, lekin ikkinchi jihati ham bor: O‘zbekistonda sayyohlarni qabul qilishga imkoniyatlar qanchalik yetarli? Hozirgi kunda bir-ikki nemis turkompaniyalaridan bizga murojaatlar kelib tushyaptiki, kuzgi mavsumda – sentyabr va oktyabr oylarida mehmonxonalarda joy yetarli emas. Shuning uchun turizm sohasiga ham investorlarni jalb qilyapmiz. Turistik markazlar hisoblangan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz va Farg‘ona vodiysidagi shaharlarga investorlarni jalb qilib, mehmonxonalar sonini oshirish ustida ham ishlayapmiz. Talab, tarixni o‘rganish ehtiyoji juda katta. 

– Nemis xalqi, Germaniya haqida gap ketganda shaharlarning tozaligi, tabiatga bo‘lgan munosabat, shuningdek, suvga nisbatan hurmat ham yuqori darajada ekani alohida qayd etiladi. Ko‘p joyda suvga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘linayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lyapmiz. Germaniyadan bu tajribani o‘rganish bugungi O‘zbekiston aholisi uchun qanchalik muhim? 
– Albatta, bu yerda suvga, tabiatga, ekologiyaga hurmat, ehtiyot qilish, tejash yoshlikdan tizimli ravishda o‘rgatib kelinadi. Tarixdan eslasak, bizda ham ariqlarda oqqan suvlar juda toza bo‘lgan. Aslida tabiatga bo‘lgan hurmat, suvni tejash bizning qonimizda bor. Nimagadir oxirgi yillarda odamlar buni unutib qo‘ydi, suvni isrof qilishlari ko‘zga tashlandi. Albatta, nemislardan o‘rganadigan taraflarimiz ham bor. Nemislarda “ornum” degan so‘z bor. Bu – tartib degani. Bu xalq hayotida nima qilsa tartib bilan qiladi. Ularning butun hayoti rejalashtirilgan va shu tartib-qoidalarga asosan yashaydi. 

– Siz bu tartib-qoidalarga moslasha oldingizmi? 
– Bunga moslashish oson. Reja qilib, tartib bo‘yicha yashash juda oson. O‘zingiz ham qiynalmaysiz, boshqalarga ham oson bo‘ladi. Ular ham sizdan nimani kutishni biladi. 

– Biz o‘tirgan binoning ahamiyati juda yuqori ekanini bu yerga kirganda yanada his qildik. Atrofda boshqa respublikalarning elchixonalari binolari yonidan o‘tib keldik. Maydoni jihatidan keng, binosi tarixiy, o‘z holicha saqlab qolingan. Hovlida tarixiy yodgorlikni ko‘rdik. Keling, O‘zbekiston elchixonasining binosi haqida gaplashsak. 
– Bu bino 1880 yilda yilda qurilgan bo‘lib, Prussiya armiyasiga qarashli bo‘lgan. Bu yerda armiyaning kazarmalari joylashgan edi. 1999 yilda O‘zbekiston elchixonasi shu binoga joylashdi. Hozirda Berlindagi elchixonalar orasida eng nufuzli va tarixiy binolardan biri O‘zbekistonniki. Albatta, bu binodan unumli foydalanishimiz kerak. Bu bino nafaqat diplomatlarning ish joyi, balki O‘zbekistonning imkoniyatlari va boyligini taqdim qiladigan maskan. Bu yerda uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, bir qator tadbirlar o‘tkazishga barcha imkoniyatlar mavjud. Bundan unumli foydalanish bizning qo‘limizda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Nabijon Qosimov

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar