NATOning sobiq bosh kotibi AQSHsiz ittifoq tuzishni taklif qildi
Olam
−
12 may 2249 1 daqiqa
NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen AQSH ishtirokisiz demokratik davlatlarning yangi birlashmasini tuzishga chaqirdi. Uning bildirishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp davrida Vashington G‘arbning ishonchli yetakchisi rolini yo‘qotgan. Bu haqda u “Presseportal”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoq G7 (Katta yettilik) analogi sifatida D7 nomini olishi mumkin, bu yerdagi “D” harfi “demokratiya”ni anglatadi. Ushbu birlashmaga Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreyani kiritish taklif etilmoqda.
Anders Fog Rasmussen bunday birlashma ichida ishtirokchilar o‘rtasidagi tahdidlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan. U buni Grenlandiya atrofidagi bahslar fonida AQSHning Daniyaga nisbatan harakatlari bilan bog‘lagan va bunday siyosat demokratik mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazishini hamda avtokratiyalar manfaatiga xizmat qilishini qayd etgan.
NATO sobiq bosh kotibining fikricha, hamkorlikning yangi formati demokratik davlatlarga o‘sib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va jahon sahnasidagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Anders Fog Rasmussen 2009–2014 yillarda NATO bosh kotibi lavozimida ishlagan, ungacha esa Daniya Bosh vaziri bo‘lgan.
Live
Barchasi