Olimlar ogohlantirdi: JCH-2026 xavfli jaziramada o‘tishi mumkin

Bu qiziq

image

Joriy yilning yozida AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida xavfli darajadagi issiq ob-havo kuzatilishi mumkin. Olimlar iqlim o‘zgarishi sabab turnir vaqtida futbolchilar va muxlislar salomatligi xavf ostida qolishi ehtimoli borligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“World Weather Attribution” tadqiqotchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, 2026 yilgi Jahon chempionatidagi 104 ta o‘yinning qariyb chorak qismi futbol o‘ynash uchun xavfsiz deb hisoblangan haroratdan issiqroq sharoitda o‘tishi mumkin. Shu sabab ayrim uchrashuvlarni boshqa vaqtga ko‘chirish yoki kechiktirishga to‘g‘ri kelishi ehtimoli bor.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan beshta o‘yin juda issiq va xavfli ob-havo sharoitida o‘tishi mumkin. Olimlar bu xavfni WBGT (nam lampochka sharining harorati) ko‘rsatkichi orqali aniqlagan. Ushbu indeks harorat, namlik, quyosh nuri va shamol kabi omillarni hisobga olib, inson tanasining o‘zini sovutish qobiliyatini baholaydi.

Futbolchilarning xalqaro kasaba uyushmasi FIFPRO’ning tibbiy direktori Vinsent Guttebarj tadqiqot natijalari avvalgi hisob-kitoblarni tasdiqlashini aytgan. Uning bildirishicha, futbolchilar salomatligini himoya qilish uchun qo‘shimcha choralar zarur. FIFPRO WBGT darajasi 26°C dan oshganda sovutish choralarini qo‘llashni, 28°C dan yuqori bo‘lsa esa o‘yinlarni kechiktirishni tavsiya qiladi.

FIFA issiqlik xavfiga qarshi maxsus reja ishlab chiqilganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, har bir bo‘lim davomida uch daqiqalik suv ichish tanaffuslari joriy etiladi, stadionlarda sovutish tizimlari kuchaytiriladi va tibbiy tayyorgarlik yaxshilanadi.

London Imperial kolleji professori Friderika Otto FIFA kelajakdagi mundiallarni yozning eng issiq davridan tashqarida o‘tkazishni ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan.

Tahlillarga ko‘ra, Mayami, Kanzas-Siti, Nyu-York xamda Filadelfiya kabi ayrim shaharlardagi konditsionersiz stadionlarda xavf yuqori bo‘lishi mumkin. Hatto final o‘yini o‘tkazilishi rejalashtirilgan Nyu-Jersidagi “MetLife” stadionida ham xavfli issiqlik ehtimoli mavjudligi qayd etilgan.

Mutaxassislarning fikricha, haddan tashqari issiq futbolchilarning o‘yin uslubiga ham ta’sir qiladi. London Imperial kolleji mutaxassisi Kris Mallingtonning aytishicha, futbolchilar tezlikni pasaytirib, ehtiyotkorroq futbol namoyish qilishi mumkin.

Shuningdek, FIFPRO muxlislar ham jiddiy issiq xavfiga duch kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Ayniqsa, stadion tashqarisidagi fan-zonalar va ochiq maydonlardagi tadbirlar vaqtida uzoq muddat jaziramada qolish salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Olimlar JCh-2026 xavfli jazirama

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing