Ommaviy zaharlangan bolalar to‘liq sog‘aygani aytildi. Faqat 3 bola shifoxonada (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani va ushbu ish ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu bolalarning asosiy qismi to‘liq sog‘aydi va uyga javob berildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 30 sentyabr soat 14:00 holatiga asosan, shifoxonada faqat 3 nafar tarbiyalanuvchi qolgan. Ular zaharlanishdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa-da, davolash jarayonida ularda avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklar aniqlangan. Shu tufayli ushbu bolalar qo‘shimcha tibbiy kuzatuv ostida qoldirilgan.

“Bu bolalarning ahvoli ham barqaror va yaqin kunlarda uylariga javob beriladi. Tibbiy tadbirlar to‘liq yakunlandi. Shifoxonalar o‘zining odatiy ish tartibiga qaytdi”, deydi u.

Otabekov ana shunday holatlar yana kuzatilishining oldini olish maqsadida Sanepidqo‘mita barcha ta’lim muassasalarida ovqatlanish xizmati ustidan nazoratni kuchaytirmoqchiligini aytdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, barcha bolalar sog‘ayib, o‘z oilalari bag‘riga qaytgan.

“Barcha farzandlarimiz sog‘ayib, ularning salomatligiga xavf yo‘qligi to‘liq tasdiqlandi. Davolash jarayonlari shifokorlar nazoratida samarali tashkil etildi va bolalar o‘z oilalari bag‘riga qaytdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlikning qayd etishicha, 2 oktyabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettiradi.

“Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim bog‘chalarimizda umumiy ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan. Shartnomalarda sanitariya talablari va me’yorlariga qat’iy rioya qilish belgilangan.

Shu bilan birga, vazirlik o‘z mas’uliyatini chuqur his qiladi va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytiradi”, deya ta’kidlaydi vazirlik.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bayonotida aytilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda voqea tafsilotlari har tomonlama o‘rganilmoqda. Kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.

“Vazirlik bolalarimizga ovqatlanish xizmati ko‘rsatayotgan barcha tashkilotlarga murojaat qiladi: farzandlarimiz sog‘ligi – eng katta mas’uliyat. Sanitariya talablariga bepisandlik yoki oziq-ovqat sifati hisobiga xarajatlarni qisqartirishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Joylarda ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlari sifati ustidan nazorat tizimi yanada kuchaytiriladi.

Bu jarayonga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ham jalb etilib, ularning xulosalari jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur ish ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Tergov ishini sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.

Oldinroq, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytilgandi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

29 sentyabr soat 12:00 da Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 kishi edi. Ularning ahvoli barqaror, kasallik yengil shaklda kechayotgandi. Og‘ir yoki asoratli holatlar qayd etilmagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Nurmat Otabekov bog'cha bolalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing