Ota ismidan ham familiya sifatida foydalanishga ruxsat berilishi mumkin
Jamiyat
−
13 yanvar 4097 2 daqiqa
Bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ota ismini bolaga familiya sifatida berish amaliyotini joriy qilishni o‘z ichiga olgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mazkur qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, ilgari qonuniy imkoniyati bo‘lmagan ota ismini bolaga familiya sifatida berish amaliyotini joriy qilishni nazarda tutadi.
Oila kodeksining 69-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda ota ismidan familiya sifatida foydalanishga imkon beriladi. Ushbu yangilikka Adliya vaziri o‘rinbosari Nu’mon Muhammadiyev quyidagicha izoh berdi.
“Amaldagi qonunchilikka asosan bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Milliy an’analarga ko‘ra, hozirgi kunda familiya boboning ismi bo‘yicha berib borilmoqda. Hozirgi vaqtda ota ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining mavjud emasligi qonunchilik hujjatlarini turlicha talqin qilinishiga va fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Masalan, bolalar uyida ulg‘aygan otalar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlar farzandlariga otasining ismini familiya sifatida berishni xohlamayapti”, degan Muhammadiyev.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, deyarli har kuni 10-15 nafar ota farzandiga guvohnoma olayotganda, hujjatdagi familiyaga o‘zgartirish kiritib, bolaga ismini familiya sifatida berishni so‘rash hollari kuzatilgan.
Muhammadiyev, shuningdek, familiya ota yoki boboning ismi bo‘yicha berilishi boshqa davlatlarda, jumladan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmanistonda ham amalda ekanini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi