Putin va Zelenskiy uchrashuvi qachon o‘tkazilishi aytildi
Olam
−
23 aprel 10868 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv faqat oldindan kelishuvlar tayyor bo‘lgandagina o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuvning asosiy maqsadi erishilgan kelishuvlarni yakunlashdan iborat bo‘ladi.
“Eng muhimi – uchrashuvning maqsadi. Nima uchun uchrashish kerak? Putin istalgan vaqtda Moskvada uchrashishga tayyorligini aytgan. Asosiysi, uchrashuvdan maqsad bo‘lishi va u natija berishi kerak. Bunday uchrashuv faqat kelishuvlarni yakunlash uchun o‘tkazilishi mumkin”, degan Kreml vakili.
Aprel o‘rtalarida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyev Zelenskiy va Putin uchrashuvini Turkiyada o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Ukraina tomoni sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etishini istamoqda.
Yanvar–fevral oylarida BAAda o‘tgan Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng “Axios” nashri amerikalik amaldorlarga tayanib, tomonlar yetakchilar uchrashuviga yaqinlashganini yozgan edi. Biroq fevral oxirida AQSHning Tehronga qarshi operatsiyasi boshlangach, muzokaralar jarayoni sekinlashdi.
Shu sabab Zelenskiy AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro Ukrainaning kelajagi bo‘yicha xavotirlar uyg‘otayotganini aytgan. Kreml esa AQSHning bandligi oshganini tan olgan, ammo Vashington muzokaralardan chiqib ketishiga oid alomatlar yo‘qligini bildirgan.
Zelenskiy esa, Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan, ammo uchrashuvni Moskva yoki Kiyevda o‘tkazishni rad etib, Yaqin Sharq, Yevropa yoki AQSH davlatlaridan birini taklif qilgan. Shuningdek, u uchrashuvni Qozog‘istonda o‘tkazishni ham ilgari surgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida AQSH hozir Eron bilan bog‘liq urush va muzokaralar bilan bandligi sabab Ukrainaga yetarlicha vaqt ajrata olmayotgani haqida gapirgandi.
Live
Barchasi