Putinning reytingi pasaymoqda
Olam
−
23 may 3918 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning reytingi pasayishda davom etmoqda. Rossiyaliklar may oyining o‘rtalarida u so‘nggi bir yil ichida eng yomon ishlagan deb hisoblamoqda. Bu haqda kecha, 22 may kuni Rossiya Jamoatchilik fikri fondi statistikasida keltirilgan.
Rossiya fuqarolari Prezident Vladimir Putin may oyining o‘rtalarida prezident sifatida so‘nggi bir yil ichidagi eng yomon ish faoliyatini ko‘rsatgan, deb hisoblamoqda.
15–17 may kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan rossiyaliklarning 71 foizi Vladimir Putinning Prezident sifatidagi ishini “ko‘proq yaxshi” deb baholagan. Bu so‘nggi bir yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Yana 14 foiz respondentlar Putinning ishini “ko‘proq yomon” deb baholagan – bu esa so‘nggi bir yil ichidagi eng yuqori salbiy ko‘rsatkichdir.
Jamoatchilik fikri fondi ma’lumotiga ko‘ra, Putinga bo‘lgan ishonch darajasi ham ikkinchi marta yil davomida eng past darajaga tushgan – respondentlarning faqat 71 foizi prezidentga “ko‘proq ishonaman” deb javob bergan. Avval bu ko‘rsatkich mart oxirida ham shu darajaga tushgan edi, undan oldin esa 76 foizdan yuqori bo‘lgan.
Yangi so‘rovda 17 foiz respondentlar Putinga “ko‘proq ishonmayman” deb javob bergan – bu mart oyining oxiridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Boshqa tashkilot ham shu bilan bir vaqtda boshqa ma’lumotlarni e’lon qilgan. Ularning 11–17 may oralig‘ida o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, Vladimir Putinning faoliyatini ma’qullash darajasi 69,4 foizni tashkil etgan. Bu avvalgi haftaga nisbatan 2,6 foiz punktga yuqoridir.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Putin reytingi ketma-ket ikkinchi hafta o‘smoqda. Bu o‘sish sotsiologlar nafaqat telefon orqali, balki respondentlar uylariga borib so‘rov o‘tkaza boshlaganidan keyin kuzatilgan.
O‘z navbatida, Vladimir Putin reytinglar pasayishi fonida deputatlar va senatorlarni faqat taqiqlovchi qonunlarga “yopishib olmaslikka” chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Putin Xitoyga kecha, 19 may kuni yetib kelgan edi. Bugun, 20 may kuni Pekinda Putin va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ikki bosqichda – avval tor doirada, keyin esa kengaytirilgan tarkibda tashkil etildi.
Live
Barchasi