Rossiya endi urushga borgan migrantlarni deportatsiya qilishni to‘xtatmoqchi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun shartnoma tuzgan chet elliklar vataniga ekstraditsiya qilinmaydi. Tegishli o‘zgartirishlar hukumat komissiyasi tomonidan qabul qilindi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.

Qayd etilishicha, chet elliklarni o‘z mamlakatlarida jinoiy javobgarlikka tortilishdan himoya qilish maqsadida shunday chora ko‘rilmoqda. Davlat Dumasida hozirda uchta qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Ular Rossiya armiyasida yoki harbiy tuzilmalarda xizmat qilgan, shuningdek, shartnoma asosida janglarda ishtirok etgan chet elliklar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tegishli.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, bunday shaxslar ma’muriy deportatsiya qilinmaydi. Buning o‘rniga ular 1000 dan 50 000 rublgacha jarimaga tortiladi yoki 200 soatgacha jamoat ishlariga hukm qilinadi. 

Shuningdek, chet ellik fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, “2022 yil 24 fevraldan keyin” qabul qilingan deportatsiya, readmissiya, kirishni taqiqlash, vaqtinchalik yashash muddatini qisqartirish va “VNJ”ni (yashash uchun ruxsatnoma) bekor qilish haqidagi qarorlar “o‘z kuchini yo‘qotadi va ijro etilmaydi”. Xuddi shu narsa patentlar va ish ruxsatnomalarini berish yoki yangilashdan bosh tortish yoki ushbu hujjatlarni bekor qilish uchun ham amal qiladi.

Davlat Dumasi deputati Aleksey Kurinniyning ta’kidlashicha, hukumat ma’qullagan qonun loyihalari paketi Ukrainaga qarshi jang qilayotgan chet elliklar uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi.

“Chunki bugun “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashayotgan, jangovar vazifalarni bajarayotgan shaxsni... umuman olganda, deportatsiya qilish va boshqa chet davlatlarning adliya tizimlariga topshirish tasavvurga sig‘maydigan narsa”, deydi u.

Kurinniy MDH davlatlari, jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda sudlar Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘z fuqarolariga yollanma askarlik moddasi bo‘yicha hukm chiqargan holatlarni eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanib, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing