Rossiyada migrantlar uchun to‘lovlar keskin ko‘tariladi

Olam

image

Rossiyada chet el fuqarolari uchun yashash guvohnomasini rasmiylashtirish boji 6 ming rubldan 30 ming rublgacha oshiriladi. Soliq kodeksidagi tegishli o‘zgartirishlarni kecha, 27 aprel kuni hukumatning qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi ma’qulladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Rossiya Federatsiyasi Soliq kodeksining ikkinchi qismiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin. 333.28-moddaning 1-bandidagi o‘zgartirish: chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi berilgani uchun 30 ming rubl miqdorida boj belgilansin”, deya hujjatdan parcha keltiradi TASS.

Shu bilan birga, yashash guvohnomasini rasmiylashtirish uchun bojning oshirilishi rekord darajadagi ko‘rsatkich emas. Rossiyada migratsiya sohasidagi boshqa davlat bojlarining ham keng ko‘lamli oshirilishi kutilmoqda.

“Eng keskin qimmatlashishlar mamlakatga kirish taklifnomasi (har bir taklif etilgan shaxs uchun 960 rubldan 8 ming rublgacha) va Rossiya fuqaroligiga qabul qilish yoki undan chiqish (4 200 rubldan 50 ming rublgacha) uchun rejalashtirilgan. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma esa 1 920 rubldan 15 ming rublgacha oshiriladi”, deya aniqlik kiritgan hukumat komissiyasi a’zosi, Rossiya yuristlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Vladimir Gruzdev.

Eslatib o‘tamiz, parlament quyi palatasi raisi Vyacheslav Volodin 9 aprel kuni Davlat dumasi migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga sabab bo‘ladigan ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxatini ikki baravar ko‘paytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qilishini ma’lum qilgan edi. Huquqbuzarliklar ro‘yxatini 22 tadan 43 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Xususan, jamoat tartibini buzganlik hamda Rossiya va Rossiya armiyasini obro‘sizlantirganlik uchun migrantlarni deportatsiya qilish taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Soliq kodeksi chet el

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing