Rossiyada o‘ldirilgan Qobiljonning onasiga Tojikistonda uy berildi

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatidagi maktabda o‘ldirilgan 10 yoshli Qobiljon Aliyevning onasi Nilufar Safoyevaga Tojikistonda uy-joy berildi. Bu haqda kecha, 22 dekabr kuni marhum bola yashagan uyda bo‘lib qaytgan Qobiljonning qarindoshlaridan biri “Asia-Plus”ga ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, manba uy qanday tartibda va qachon berilgani borasida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan. “Asia-Plus ”ning boshqa manbalari ham bu ma’lumotni na tasdiqlagan, na inkor etgan.

Qobiljonning qarindoshi Sherzod Alizoda “uy davlat nomidan taqdim etilgan”, deya ma’lum qilgan, biroq qaysi davlat organi tomonidan berilganiga aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, xabardor manbaning nashrga aytishicha, kecha, 22 dekabr kuni ertalab bir nechta yuqori lavozimli mansabdor shaxslar Qobiljon Aliyevning xonadoniga tashrif buyurib, ta’ziya bildirgan. Ammo qaysi mansabdorlar borgani aniqlashtirilmagan.

Uy hukumat tomonidan yoki poytaxt hokimiyati tomonidan berilgani haqidagi savollarga aniqlik kiritishning imkoni bo‘lmagan. Qarindoshlar, shuningdek, oila hozirda mablag‘ yig‘ishga muhtoj emasligini ma’lum qilgan.

“Yordam ko‘rsatgan va yordam bermoqchi bo‘lgan barchaga minnatdorlik bildiramiz. Shu bilan birga, jamoatchilik bilishini istaymizki, hozir biz yordamga muhtoj emasmiz, Qobiljonning onasi nomiga ochilgan bank hisobi yopilgan. Shu sababli hech qanday bank hisob raqamlariga pul o‘tkazmaslikni so‘raymiz”, deydi oilaning qarindoshlari.

Qayd etilishicha, Qobiljon Aliyevning qarindoshlari chuqur motamda bo‘lib, jurnalistlar bilan batafsil muloqot qilishdan bosh tortgan.

Qobiljon фожиаси

Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.

Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.

Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.

17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. 

Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi. 

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.

18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi. 

Keyinroq Qobiljonni qasddan o‘ldirishda ayblanayotgan o‘smir hibsga olindi.

Kecha, 22 dekabr kuni esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga bolaning o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirdi. Imomali Rahmon esa Vladimir Putinga ushbu ish bo‘yicha olib borilayotgan tergov uchun minnatdorlik bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya uy Qobiljon Nilufar Safoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing