Rossiyalik eksportchi O‘zbekiston kompaniyasidan qariyb 13 mln rubl undiradi
3-sahifa
−
28 noyabr 10754 3 daqiqa
Rossiyaning Ufa shahridagi “Duslar” savdo uyi Toshkentda joylashgan Agro Organic Food kompaniyasidan O‘zbekistonga asal va quritilgan sut zardobi yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalardan kelib chiqqan 12,7 mln rubl (1,9 mlrd so‘m) qarzni sud orqali undirib oldi. Bashqirdiston Arbitraj sudi da’voni to‘liq qanoatlantirdi. Javobgarda qarordan shikoyat qilish uchun bir oy vaqt bor. Bu haqda RBK xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil yozida tomonlar ikki shartnoma tuzgan bo‘lib, unga ko‘ra, bashqir kompaniyasi o‘zbek sherigiga asal va quritilgan sut zardobini yetkazib berishi kerak edi. Xaridor har bir partiya uchun yetkazib berilgan paytdan va bojxona rasmiylashtiruvidan keyin 30–60 kun ichida to‘lashi lozim edi.
Ufa kompaniyasi 2023 yil oxiriga qadar buyurtmachiga 4,8 mln rubllik asal va qariyb 7 mln rubllik quritilgan sut zardobini jo‘natgan, biroq jami 592 ming rubl to‘lov oldi. Qarzning umumiy miqdori 11,1 mln rublni tashkil etgan. Yetkazib beruvchi buyurtmachiga da’vo tartibida rasmiy talabnoma yuborgan, ammo shundan keyin ham to‘lov amalga oshirilmagan. Shundan so‘ng “Duslar” savdo uyi sudga murojaat qilgan.
O‘zbekiston kompaniyasi da’vo haqida xabardor qilingan bo‘lsa-da, sudga javob taqdim etmagan. Natijada sud Agro Organic Food kompaniyasidan Ufa kompaniyasi foydasiga 11,1 mln rubl qarz, 1,2 mln rubl jarima, vakil xizmatlari uchun 90,4 ming rubl va davlat boji uchun 348,2 ming rubl undirilishi to‘g‘risida qaror chiqargan.
Ekspertlar aytishicha, sud qarorlarini majburiy ijro etish borasida xalqaro hamkorlik, odatda, davlatlararo shartnomalar va milliy qonunchilik bilan tartibga solinadi.
“Agar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida shunday shartnomalar mavjud bo‘lsa ham, qaror avtomatik ravishda ijro etilmaydi. Bashqirdiston Arbitraj sudining bu qarori javobgar davlat – O‘zbekiston sud tizimida alohida tartibda tan olinishi kerak bo‘ladi”, dedi Veta ekspertlar guruhi mutaxassisi Aleksandr Terentev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, da’vogar O‘zbekiston iqtisodiy sudiga murojaat qilib, qarorni tan olish jarayonini boshlashi lozim bo‘ladi. Sud mazkur qarorni xalqaro huquq normalari, javobgar huquqlarining saqlanganligi va qarorni chiqargan sudning vakolati nuqtai nazaridan tekshiradi.
Ekspertning fikricha, javobgar sud jarayonida da’voni rad etmagani va hech qanday e’tiroz bildirmagani, shuningdek, da’vogarga qarshi qo‘shimcha salbiy omillar yo‘qligi inobatga olinsa, qarorni O‘zbekistonda tan oldirish imkoniyatlari yuqori.
“Duslar” savdo uyi 2020 yil dekabr oyida Ufada ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning muassisi va rahbari — Vilen Kazeyev. Asosiy faoliyat — sut mahsulotlari, tuxum, yog‘ va moylarning ulgurji savdosi. “Rusprofile” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda kompaniya aylanmasi 166 mln rublni, sof foydasi esa 3,7 mln rublni tashkil etgan.
Agro Organic Food esa 2018 yilda Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya ta’sischisi va rahbari Alisher Yusupov. Asosiy faoliyati oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan ichimliklar, va tamaki mahsulotlari ixtisoslashmagan ulgurji savdosi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr