Savdo to‘siqlaridan “choksiz” tashishgacha: Shavkat Mirziyoyev YeOIIda aniq takliflarni ilgari surdi
Jamiyat
−
22 dekabr 3019 4 daqiqa
Kecha, 21 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayrim muammolarni aytda va ularning yechimini taklif qildi
“Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga mehmondo‘stlik va bugungi uchrashuvimizni a’lo darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Belarus tomonining, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Grigorevich Lukashenkoning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali raisligini alohida qayd etmoqchiman. Bu davrda ko‘p tomonlama amaliy hamkorlik yangi sur’at kasb etdi.
Global bozorlarning tobora parchalanib borayotgani, logistika zanjirlarining murakkablashayotgani va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvor yo‘nalishlarning o‘zgarayotgani sharoitida biz uchun strategik va tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish prinsipial ahamiyat kasb etmoqda.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlikning so‘nggi to‘rt yilida O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi.
Iqtisodiy aloqalar tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani, kooperatsiya loyihalari kengayib borayotgani barqaror sur’at ko‘rsatayotgani ayniqsa muhimdir.
Bu hamkorlarimiz ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlashdan chinakam manfaatdorligini aks ettiradi.
O‘zbekiston Yevroosiyoning asosiy formatlarida faol ishtirok etmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin aniq tadbirlarni o‘z ichiga olgan uch yillik reja amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma Ishchi guruh formatidagi ishlar davom etmoqda: uning beshinchi yig‘ilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Shuningdek, YeOIIning elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqdamiz.
O‘zbekiston va YeOII bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida axborot almashish to‘g‘risida bitim tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qaror qabul qilinganini olqishlaymiz.
Ishonchimiz komilki, transchegaraviy ma’lumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va transport tizimlarimizning Yevroosiyo yo‘laklariga integratsiyalashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Bank bilan birgalikda infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Hurmatli hamkasblar!
YeOII bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlarimizni qisqacha aytib o‘tmoqchiman.
Birinchi. Savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya me’yorlari borasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish maqsadida MDH va EOII institutlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni faollashtirish zarur deb hisoblaymiz.
Ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va bojxona ma’muriyatchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston – EOII” qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzishni taklif etamiz.
Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda shakllantirish zarur.
O‘zbekistonning ETTBga qo‘shilishi munosabati bilan sheriklikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilab olish hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.
Ishonchimiz komilki, Bank nafaqat moliyalashtirish manbai, balki integratsiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish katalizatoriga aylanishi mumkin.
Uchinchi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.
Raqamli platformalarni, jumladan, elektron tijorat va raqamli markirovkalashni o‘zaro bog‘lash bo‘yicha YeOIK bilan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif etamiz.
Bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va yuk tashishning “choksiz” modeliga o‘tishni ham ustuvor vazifa sifatida ko‘ryapmiz.
To‘rtinchi. Biz YeOIIning biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdormiz.
Beshinchi. Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirishga ham qo‘shilishga tayyormiz.
Bunday yondashuv mamlakatlarimiz turistik mahsulotlarining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash imkonini beradi.
Hurmatli do‘stlar!
O‘zbekiston EOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir.
Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga Birlashmaga raislik Qozog‘istonga o‘tishi munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.
Barchangizni va birodar xalqlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat”.
Belaruslik Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdi. YeOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari – Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya Respublikasi savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.
Live
Barchasi