Semizlikni keltirib chiqaruvchi yangi omil aniqlandi
Foydali
−
26 iyul
17973Inson organizmida S vitamini miqdorining kamligi semizlikka olib kelishi aniqlandi. Yangi Zelandiyaning Otago universiteti olimlari shu xususida tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqotda AQSHdan qariyb 2,9 ming nafar hamda Yevropadan 20 ming nafardan ziyod ko‘ngilli ishtirok etdi. Izlanish davomida ilmiy tajriba qatnashchilarining vazn ko‘rsatkichlari va qondagi S vitamini konsentratsiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, semiz insonlar organizmida ushbu modda tanqisligi kuzatilgan. Ya’ni ortiqcha vaznga ega kishilarda C vitamini so‘rilishi va uning tanadan chiqarilishi tezlashishi ochiqlangan. Shuningdek, agar organizmda S vitamini miqdori kam bo‘lsa, hujayralar yallig‘lanishiga olib keluvchi oksidlovchi stress jarayoni kuchayadi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, qandli diabetning 2-turi, jigarning alkogolsiz yog‘ bosishi kabi kasalliklar ham organizmda S vitamini darajasi pasayishi bilan bog‘liq. Shularni inobatga olgan olimlar tanadagi S vitaminining minimal sutkalik dozasi kamida 45 mg bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi. Semiz insonlar organizmi esa har 10 kg ortiqcha vazn uchun qo‘shimcha 17-22 mg miqdorida bu darmondorini talab qiladi.