Shavkat Mirziyoyev “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qildi
Jamiyat
−
18 may 1305 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 18 may kuni Ozarbayjonning Baku shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida so‘z ochdi.
O‘zbekiston yetakchisi muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan.
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirishni talab qilmoqda. Shu sababli O‘zbekiston yetakchisi hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqirgan.
Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur. Shavkat Mirziyoyev ushbu sohada texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilgan.
Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan ta’minlash juda muhim. O‘zbekiston Prezidenti shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan.
To‘rtinchidan, global iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston rahbari shaharlarning tabiat bilan uyg‘un rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitat'ning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etishni taklif qilgan.
Beshinchidan, urbanizatsiya darajasining o‘sishi shaharlardagi o‘zini o‘zi boshqarishning an’anaviy tuzilmalari rolini yanada oshirmoqda. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030 yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Baku shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi