Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratishni taklif qildi
Jamiyat
−
04 may 2409 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiradigan turistik makon – “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 4 may kuni Samarqandda o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishining ochilish marosimida aytib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, dunyodagi notinchlik tufayli millionlab turistlar xavfsiz yo‘nalishlarni qidirmoqda. Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga ega.
“Bu sohaga alohida e’tibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdik. Buning hisobiga o‘n yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi”, deydi Prezident.
Yaqinda Toshkent shahrida ochilgan Markaziy Osiyoning ilm-fan va ma’naviy xazinasi sifatida e’tirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan buyuk alloma Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi O‘zbekistonning yangi durdonalariga aylangan.
“Bunday majmualar qo‘shni mamlakatlarda ham bunyod etilmoqda. Shu bois mintaqa davlatlarini birlashtiradigan turistik makon – “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari suramiz. Qo‘shni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarimizni turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqiramiz”, deydi Prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi aytib o‘tilgan barcha taklif va tashabbuslarni O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan faqat suveren kreditlar doirasida emas, balki davlat-xususiy sheriklik, kafolat instrumentlari, aralash moliyalashtirish va xususiy kapitalni jalb etish orqali faol hamkorlikda amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgan.
“Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirishni taklif etamiz”, deydi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankining “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi