SI miya kasalliklarini davolash uchun dori topishni tezlashtirishi mumkin
Bu qiziq
−
23 may 1264 2 daqiqa
Sun’iy intellekt nevrologik kasalliklarni davolash uchun yangi dorilarni tezroq izlashda muhim vositaga aylanishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot BBC’da e’lon qilindi.
Buyuk Britaniyaning Edinburg shahridagi Demensiyani tadqiq qilish instituti tadqiqotchilari bemorlarning ovoz yozuvlari, ko‘z skanerlari hamda laboratoriyada “yetishtirilgan” miya hujayralarini tahlil qilib, mavjud dorilarni qayta qo‘llash orqali motor neyron kasalligi kabi xastaliklarni davolash imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Olimlar SI algoritmlari yordamida kasallik belgilaridagi o‘zgarishlarni aniqlab, mos dorilarni oldindan taxmin qilish orqali samarali davolash usullarini “o‘n yillar emas, balki bir necha yil ichida” topish mumkinligiga umid bildirmoqda.
Motor neyron kasalligi bilan 10 yildan beri yashayotgan tadqiqot ishtirokchisi Stiven Barret ushbu loyihalarni o‘zi va boshqa bemorlar uchun “umid manbai” deb atagan. Uning aytishicha, kasallik asta-sekin asab tizimini ishdan chiqaradi va hozircha davosi yo‘q hisoblanadi.
Tadqiqotchilar Parkinson, demensiya va motor neyron kabi kasalliklarga chalingan bemorlarning ma’lumotlar bazasini ham shakllantirmoqda. Shuningdek, laboratoriyada bemorlardan olingan qon namunalaridan miya hujayralari yetishtirilib, mavjud dorilar robotlar va SI tizimlari yordamida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu yondashuv yangi dori ishlab chiqish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin. Avval dori yaratish 10 yildan ortiq vaqt olgan bo‘lsa, endilikda SI bu muddatni qisqartirishi kutilmoqda.
Biroq ayrim olimlar alsgeymer kasalligiga qarshi “yutuqli” deb baholangan dorilar ham kutilgan natijani bermaganini eslatib o‘tmoqda. Shunga qaramay, tadqiqotchilar bu yo‘nalish tibbiyotda katta burilish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt sabab Meta, Amazon va Standard Chartered kabi yirik kompaniyalarda minglab ish o‘rinlari qisqartirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi