So‘nggi yuz yilda inson bosh suyagi ancha yumaloqlashgan – tadqiqot
Bu qiziq
−
01 may 2328 2 daqiqa
Inson bosh suyagining shakli so‘nggi asr davomida sezilarli darajada o‘zgardi. Bu xulosaga XX asr boshidagi odamlar va zamondoshlarining bosh tuzilishini solishtirgan yaponiyalik tadqiqotchilar keldi. Ish natijalari “American Journal of Biological Anthropology” (AJBA) jurnalida chop etildi.
Olimlar 1900–1920 yillarda vafot etgan odamlarning bosh suyagi kompyuter tomogrammalarini tahlil qilib, ularni 2022–2024 yillarda vafot etgan zamonaviy yaponlarning skaner ma’lumotlari bilan solishtirishgan. Aniqlik uchun ular uch o‘lchovli modellarda 161 ta anatomik nuqtadan foydalangan.
Ma’lum bo‘lishicha, yuz yil ichida bosh suyagi ancha yumaloq shaklga kelgan: zamonaviy odamlarda boshning cho‘ziq shakli kamroq uchraydigan bo‘lgan. Bundan tashqari, yuz tuzilishi ham o‘zgargan – yonoq suyaklari toraygan, yuqori jag‘ kengaygan, burun esa ingichkalashib, oldinga ko‘proq chiqqan. Shuningdek, olimlar peshonaning qisqarishini va quloq orqasidagi suyak o‘simtalarining kattalashishini qayd etgan.
Tadqiqot rahbari Siori Usuining so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘zgarishlar evolyutsiya bilan izohlash uchun juda tez sodir bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, bu hayot tarziga bog‘liq: bolalikdagi ovqatlanish va salomatlikning yaxshilanishi, shuningdek, kamroq chaynash kuchini talab qiladigan yumshoq ovqatlarga o‘tish yuz suyaklarining shakllanishiga ta’sir qilgan.
Kutilmagan natijalardan biri erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farqlarning kuchayishi bo‘lgan. Erkaklarda qosh usti ravoqlari va suyak o‘simtalari yaqqolroq ifodalangan, yuz qismi esa ayollarga qaraganda ko‘proq oldinga chiqqan. Bu hayot tarzining yaqinlashishi ushbu farqlarni yo‘qotishi kerakligi haqidagi taxminlarga ziddir.
Mualliflarning ta’kidlashicha, shunga o‘xshash tendensiyalar boshqa mamlakatlarda ham kuzatilishi mumkin, biroq buni tasdiqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.
Live
Barchasi