Suriya Rossiyani Xmeymim aviabazasidan quvib chiqarmoqchi
Olam
−
26 aprel 8179 2 daqiqa
Suriyaning yangi hukumati Prezident Ahmad ash-Shara boshchiligida Rossiyani Xmeymim aviabazasidan siqib chiqarish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Damashq ushbu bazani o‘z harbiylari uchun tayyorgarlik markaziga aylantirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, “qo‘shma boshqaruv” varianti ham muhokama qilinmoqda, biroq baza faqat noharbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi aytilmoqda.
Xabar qilinishicha, Suriya armiyasi, asosan, sobiq isyonchilardan shakllangan bo‘lib, umumiy harbiy tayyorgarlik yetishmaydi. Shu sababli Latakiya viloyatidagi Xmeymim bazasi mashg‘ulotlar uchun eng qulay joy sifatida ko‘rilmoqda.
Biroq Suriya tomoni Rossiya harbiy instruktorlarini jalb qilish niyatida. Sababi – mamlakat armiyasi asosan sovet va rus texnikasi bilan qurollangan. Shu bois yordam, ehtimol, quruqlik qo‘shinlarini tayyorlash bilan cheklanadi, uchuvchilarni o‘qitish esa rejalashtirilmagan.
Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyadagi ikki harbiy ob’ekt — Xmeymim aviabazasi va Tartus dengiz bazasi kelajakda “gumanitar markazlar”ga aylantirilishi mumkinligini aytgandi.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiya Bashar Asad rejimi qulagach, Suriyadagi bazalardan asosiy qurol tizimlarini olib chiqib ketgan. Shu jumladan S-300 va S-400 zenit-raketa tizimlari ham chiqarilgan. Bu esa bazalarning harbiy ahamiyatini sezilarli darajada kamaytirgan.
Ekspert Anton Mardasovning ta’kidlashicha, hozir bu ob’ektlar hatto qisqa muddatli strategik aviatsiya joylashtirish uchun ham mos emas. Bundan tashqari, ular baland hududlardan nazorat qilinayotgani sababli xavfsizlik jihatidan ham zaif hisoblanadi.
Hozircha Suriya Rossiyaga Xmeymim bazasidan Afrikaga yuk tashish uchun foydalanishga ruxsat bermoqda, biroq vaziyat o‘zgarishi mumkin. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Damashq bu orqali Rossiyaning mintaqadagi harbiy ishtirokiga yakun yasaganini e’lon qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Suriyaning shimoli-sharqida joylashgan Qamishli shahri yaqinidagi harbiy aerodromdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi