Suriyada bayram: Asad ag‘darilganining 1 yilligi nishonlanyapti
Olam
−
08 dekabr 3088 4 daqiqa
Suriyaliklar bugun, 8 dekabr kuni diktotor Bashar Asad va uning qattiqqo‘l hukmronligi tugatilganining bir yilligini nishonladi. Bir necha yillik urushdan so‘ng barqarorlik va tiklanish uchun kurashayotgan mamlakatda bayram munosabati bilan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Rasmiy tantanalar Damashqning markazidagi Umaviylar maydonida va mamlakatning boshqa hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vatanparvarlik to‘y-tantanalari arafasida maydon to‘lib turgan bo‘lib, harbiy paradlar ham o‘tkazildi.

Bir yil avval Asad Suriyadan qochib, Rossiyaga yo‘l olgan, chunki yangi prezident Ahmad ash-Shara boshchiligidagi isyonchilar Damashqni qo‘lga kiritib, uning 13 yildan ortiq davom etgan hukmronligiga nuqta qo‘ygan edi. Isyon Asadga qarshi boshlangan xalq qo‘zg‘olonidan kelib chiqqan va yillar davomida urushga aylangandi.
“Yubiley munosabati bilan ash-Shara bomdod namozini Damashqdagi Umaviylar masjidida ado etdi”, deb xabar berdi rasmiy SANA agentligi.
Xabarga ko‘ra, u g‘alaba qozongan isyonchi kampaniyasi davrida kiygan harbiy libosida bo‘lgan. Ash-Shara mamlakatni adolatli va kuchli davlatga aylantirishga va’da berdi.

“Shimoldan janubga, sharqdan g‘arbgacha biz bugungi va o‘tmishga munosib, kuchli Suriyani qayta tiklaymiz”, dedi u SANA xabarida.
Suriyaliklar birdamlik namoyishiga chorlandi
“Al-Qoida” sobiq qo‘mondoni bo‘lgan ash-Shara Suriya tashqi aloqalarini tubdan o‘zgartirgan katta islohotlar yo‘lini boshlab berdi. U AQSH bilan aloqalarni tikladi, axloqiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashni arab ko‘rfazi davlatlari va Turkiyadandan qo‘lga kiritdi hamda Asadning asosiy tayanchlari bo‘lgan Eron va Rossiyadan chekina boshladi. G‘arb tomonidan joriy qilingan og‘ir sanksiyalar asosan bekor qilindi.

Ash-Shara Asadning shafqatsiz politsiya davlatini inklyuziv va adolatli boshqaruv bilan almashtirishga va’da bergan. Biroq mamlakatning turli hududlarida yuz bergan to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi, bu esa yangi qochqinlikka sabab bo‘lib, ozchilik guruhlari orasida ash-Shara hukumatigai shubha va ishonchsizlikni kuchaytirdi. Hukumat esa Damashq nazoratini butun mamlakat bo‘ylab qayta tiklash uchun kurashmoqda.
Shimoli-sharqni boshqarib turgan kurdlar yetakchiligidagi ma’muriyat xavfsizlik sabablarini ko‘rsatgan holda yig‘ilish va ommaviy tadbirlarni taqiqladi, chunki “terrorchi yacheykalar” yubileyni suiiste’mol qilishga urinmoqda, deya bayonot berdi. Shu bilan birga, ular mamlakat aholisini bayram bilan tabrikladi.

Kurdlar boshqaruvi hududiy avtonomiyani saqlab qolishga intilib kelmoqda. Shu paytda janubda esa diniy ozchilik druzlar jamoasining bir qismi mustaqillik talab qilmoqda. Suvayda viloyatida iyul oyida hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘lganidan keyin bu talablar kuchaydi.
Saylovlargacha yana to‘rt yillik o‘tish davri

Ash-Shara Qatarda o‘tgan forumda so‘zlar ekan, zo‘ravonliklar kuzatilganiga qaramay, “Suriya bugun o‘zining eng yaxshi davrini boshdan kechirmoqda”, deb ta’kidladi va jinoyat sodir etganlar javobgar bo‘lishini va’da qildi.
Uning aytishicha, o‘tish davri yana to‘rt yil davom etadi. Bu vaqt mobaynida yangi institutlar, qonunlar va umumxalq ovoz berish orqali tasdiqlanadigan yangi konstitutsiya tayyorlanadi. Shundan keyin mamlakatda saylovlar o‘tkaziladi.
Ash-Shara mart oyida qabul qilingan vaqtinchalik konstitutsiya asosida keng vakolatlarga ega. Oktyabrda hokimiyat parlament tuzish uchun bilvosita ovoz berishni tashkil etdi. Biroq konstitutsiyaga ko‘ra, 210 a’zodan uchdan birini prezident tayinlashi kerak bo‘lsa-da, ao‘-Shara hali bu vakant o‘rinlarni to‘ldirmagan.
Asad oilasi – Suriyadagi alaviy ozchilik yetakchilari – mamlakatni 54 yil boshqargan. 2011 yildan beri davom etgan urush yuz minglab odamlarni halok qildi va millionlab aholini qochqinga aylantirdi. Taxminan besh million suriyalik qo‘shni davlatlarga bosh olib ketgan.
BMTning qochqinlar agentligi ma’lum qilishicha, Asad ag‘darilgandan keyin 1,2 million qochqin va 1,9 million ichki ko‘chirilgan fuqaro uylariga qaytgan. Biroq xalqaro moliyaviy yordam kamayishi boshqalarni qaytishdan to‘sishi mumkin.
Suriya Markaziy banki rahbari o‘tgan hafta “Reuters NEXT” anjumanida aytishicha, xorijdan 1,5 millionga yaqin qochqinning qaytishi iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shmoqda.
BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Suriyada 16,5 million inson yordamga muhtoj va gumanitar ehtiyojlar juda og‘irligicha qolmoqda.
Live
Barchasi