Tashiyev qo‘shni davlatlar bilan bahslashadigan narsa qolmaganini aytdi
Olam
−
12 noyabr 8457 1 daqiqa
Qirg‘izistonning qo‘shni davlatlar bilan chegaralarida og‘ir qurollar endi joylashtirilmaydi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Cho‘n-Olay tumanidagi “Qoramiq” postida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Tashiyevga ko‘ra, qo‘shni davlatlar bilan yer masalasi to‘liq hal bo‘lgan.
“Endi bahsli hududlar qolmadi. Hatto qurolli to‘qnashuvlar ham bo‘ldi. Qanchadan-qancha qahramonlarimiz – chegaramizni, yerimizni qo‘riqlagan chegarachilar halok bo‘ldi? Umid qilamanki, hozir bunday to‘qnashuvlar bo‘lmaydi, chunki bahslashadigan narsa yo‘q”, dedi u.
Shuningdek, u chegara siyosatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan rasmiylar o‘qotar qurollardan foydalanish qoidalari va qurolli bo‘linmalar sonini qayta ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi.
“Chegarachilar bundan buyon og‘ir qurol va og‘ir texnikalardan foydalanmaydi. Bularning barchasini qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan holda olib tashlaymiz. Xizmatda faqat yengil qurollar qoladi”, dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari va chegarachilar yengillashtirilgan xizmat rejimiga o‘tayotganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada doimiy chegara o‘rnatish zarurati tez orada yo‘qolishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi