Toshkentda qoradori yetkazishda 13 yoshli jiyanidan foydalangan ayol ushlandi
3-sahifa
−
09:04 2040 2 daqiqa
Farg‘onadan Toshkentga katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yetkazib, ularni sotish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1985 yilda tug‘ilgan ayol nazoratdagi xaridorga kelishilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 750 ming so‘mga 13 yoshli qiz jiyani orqali yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olingan. Tadbir davomida uning uyidan qiymati 20 million so‘mlik 162 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ayolni dorilar bilan ta’minlab kelgan Toshkent shahrida yashovchi ikki shaxs ham 23 million so‘m evaziga 278 dona shu turdagi dorilarni sotgan vaqtida qo‘lga olingan. Ular avtomashinasi va yashash xonadonida 67 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi saqlab kelayotgani aniqlanib, hujjatlashtirilgan.
Tezkor tadbir Farg‘ona viloyatida ham o‘tkazilgan. Jarayon davomida dang‘aralik 39 yoshli ayol hamda qo‘qonlik 35-39 yoshli ikki erkak 738 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni 44 million so‘m evaziga shartli xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan o‘tkazilgan mazkur tezkor-qidiruv tadbiri natijasida umumiy qiymati 150 million so‘mlik 1 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi musodara qilingan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim 1-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 6 nafar gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda narkokurer talabalar 2600 ta doza qoradori bilan ushlangandi.
Live
Barchasi