Toshkentda yashil hudud yaratgan fuqaro javobgarlikka tortilgani bo‘yicha izoh berildi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yashil hudud yaratgani uchun bir fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, qo‘mita holatni voqea joyiga chiqib o‘rgangan. O‘rganish davomida ko‘rsatilgan maydon, ya’ni 36 sotix yerda bir fuqaroning tashabbusi bilan kichik bog‘ barpo etilgani, ushbu hudud allaqachon Qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida bo‘lgani va bu yerda muntazam monitoring olib borilgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ilgari bu joy tartibsiz chiqindi to‘plangan hudud bo‘lgan, biroq fuqarolar tashabbusi bilan tozalanib, mahalliy aholi uchun obod maskanga aylantirilgan.

Bugungi kunda bu yerga 246 tup manzarali, mevali daraxtlar va butalar ekilgan. Barcha ko‘chatlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi elektron platformaga kiritilgan va Qo‘mita nazoratida turibdi.

“Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 199-sonli farmoniga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar avtomobil va temir yo‘llar bo‘ylab hamda bo‘sh hududlarda bog‘lar yaratishga haqli. Bundan tashqari, mazkur hujjat bunday tashabbuskor fuqarolarga yer uchastkasini 10 yilgacha bevosita foydalanish uchun berish imkonini ham nazarda tutadi”, deyiladi xabarda.

Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur holatda bog‘ yaratish avvalgi chiqindixonani obodonlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan. Tashabbuskor fuqaro avvaldan mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilib, hududni tozalash taklifini bergan, shundan so‘ng 300 ga yaqin aholi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, hasharda ishtirok etgan.

“Toshkentda atmosferani yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar fonida bunday tashabbuslar alohida ekologik ahamiyatga ega. Yashil hududlar kislorod miqdorini ko‘paytiradi, aholining dam olishi uchun qulay va sog‘lom sharoit yaratadi. Bugun bu joy to‘laqonli dam olish maskaniga aylangan bo‘lib, uni bemalol yashil jamoat bog‘i deb atash mumkin. Qo‘mita yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deyiladi xabar so‘ngida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan brakonerlar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent javobgarlik yashil hudud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing