Tojikistonda folbin va sehrgarga borganlar uchun jazo joriy etildi

Olam

image

Avvalroq, Tojikiston hukumati mamlakat parlamentiga folbinlar, sehrgarlar va jodugarlarning xizmatidan foydalanish, ularning oldiga borishni taqiqlash va jarima joriy qilish taklifini bergandi. Endilikda folbin va sehrgarlarga murojaat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, mamlakatning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 482-moddasiga “Sehrgar, folbin yoki jodugarning xizmatidan foydalanish” bandi kiritilgan, unga ko‘ra, ushbu xizmatdan foydalangan shaxslar 50 dan 60 baravargacha miqdorida jarimaga tortiladi.

Qayd etilishicha, kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar 2025 yil 31 iyuldan kuchga kirgan, biroq bu hozir ma’lum qilindi. Ilgari faqat hukumatning xuddi shu 31 iyuldagi qarori omma e’tiboriga havola qilingan bo‘lib, unda parlamentga kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qullash taklif qilingan edi.

So‘nggi bir yil ichida Tojikiston rasmiylari folbin va sehrgarlar hamda ularning mijozlariga qarshi kurashni kuchaytirgan. 2024 yilning yozida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbin va sehrgarlar xizmatidan foydalangan shaxslar rasmiy idoralarga chaqirilishi va ularning ism-shariflari va fotosuratlari Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasiga kiritilishini e’lon qilgan edi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, “ushbu choradan ko‘zlangan maqsad xurofot va folbinlar hamda sehrgarlardan foydalanishning oldini olishdir, chunki ba’zi fuqarolar ularga murojaat qilib, sehr va jodugarlikning tarqalishiga hissa qo‘shadi”. Folbin va sehrgarlarga murojaat qilib, rasmiy idoralarga chaqirilganlarning aniq soni noma’lum.

2024 yilda ham fol ochish va sehrgarlik bilan shug‘ullanish uchun jazo kuchaytirilgan edi. Parlament Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 482-moddasi 2-qismiga o‘zgartirish kiritib, aholiga qo‘llanadigan jarimani 80-100 baravargacha oshirdi va 10 kundan 15 kungacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘shdi. Avval bu moddada faqat 60-100 baravar jarima belgilangan edi.

Bundan tashqari, Tojikiston Jinoyat kodeksining 240-moddasiga ham tuzatish kiritilgan. Unga ko‘ra, agar shaxs ma’muriy jazo olganidan keyin bir yil ichida yana folbinlik yoki sehrgarlik bilan shug‘ullansa, unga ba’zaviy hisoblash miqdorining 1500–2000 baravari (tahminan 12-16 ming dollar) miqdorida jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Avval esa bu qilmish uchun faqat ma’muriy jazo ko‘zda tutilgan edi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida Tojikistonda 495 ta fol ochish va sehrgarlik holati aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullangan 1500 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

ma'muriy javobgarlik folbin sehrgar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing