Tramp Saudiyaga Isroilniki kabi maqom berdi
Olam
−
19 noyabr 5095 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 18 noyabr kuni AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qurol-yarog‘ yetkazib berishni yengillashtiruvchi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori darajaga ko‘taruvchi xavfsizlik kelishuvi tuzilganini ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, Saudiya Arabistoni AQSHning “NATOga kirmagan asosiy ittifoqchisi” sifatida belgilab qo‘yiladi. Bu maqom ikki davlat o‘rtasida mudofaa hamkorligini chuqurlashtiradi, ammo xavfsizlik bo‘yicha majburiy kafolat bermaydi. U shunday maqomga ega 19 mamlakat, jumladan Isroil, Iordaniya, Kuvayt va Qatar ro‘yxatiga qo‘shiladi.
Saudiya Arabistoni AQSHning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchilaridan biri hisoblanadi, biroq inson huquqlari, neft siyosati va Isroil bilan bog‘liq masalalar tufayli munosabatlar taranglashib borgan. Tramp Saudiya bilan munosabatlarni har ikki prezidentlik muddatida ham o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilgan va birinchi hamda ikkinchi muddatlaridagi ilk xorijiy safarlarida aynan shu mamlakatga borgan.
“Kuchliroq va imkoni kengroq ittifoq har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi va tinchlik yo‘lida eng muhim maqsadlardan biri bo‘ladi”, dedi Tramp Oq uyda Saudiya valiahdi Muhammad bin Salmon ishtirokidagi qora galstukli kechki ovqatda.
E’lon Saudiya valiahdining AQSHdagi investitsiyalarni 600 milliard dollardan deyarli 1 trillion dollarga oshirish niyati haqidagi bayonotidan so‘ng, shuningdek, Muhammad bin Salmon bilan bog‘liq bo‘lgan 2018 yildagi “Washinton Post” muxbiri o‘ldirilishiga oid savolni Tramp rad etganidan keyin yangradi.
“Bugun o‘ziga xos kun. Saudiya Arabistoni va Amerika o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Biz ko‘plab kelishuvlarni imzoladik, ular ko‘p sohalarda munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga yo‘l ochadi”, dedi valiahd kechki ovqatda.
Qurol-yarog‘ yetkazib berishni yengillashtirishdan tashqari, kelishuv AQSHga Saudiya hududida o‘z qurol-aslahalarini joylashtirish imkonini beradi, shuningdek, Saudiyaga Pentagonning ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalarida ishtirok etish va kamaygan uranli o‘q-dorilar xarid qilish huquqini taqdim etadi.
Live
Barchasi