Tramp va Putin uchrashuvi qaysi voqeadan keyin bekor qilingani aytildi
Olam
−
31 Oktabr 10592 3 daqiqa
Moskva Vashingtonga “Ukrainaga nisbatan qattiq talablarini tasdiqlovchi” hujjatni yuborganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putinning Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvini bekor qilgan. Bu haqda “Financial Times” manbalarga tayanib xabar berdi.
Tramp va Putin 16 oktyabr kuni telefon orqali muloqot qilgan, shundan so‘ng Amerika Prezidenti Rossiya Prezidenti bilan Budapeshtda “ikki hafta ichida” uchrashishini ma’lum qilgandi.
FT xabariga ko‘ra, ushbu suhbatdan bir necha kun o‘tib, Rossiya TIV Vashingtonga Moskvaning Ukrainadagi mojaroning “asosiy sabablarini” bartaraf etish talabi bayon etilgan memorandum yuborgan. Rossiya hukumati yana Kiyevdan hududiy imtiyozlar berishni, Ukraina Qurolli kuchlarini qisqartirishni va Ukraina hech qachon NATOga qo‘shilmasligini kafolatlashni talab qilgan. “Reuters” agentligining xabar berishicha, Moskva Vashingtonga uning shartlarini o‘z ichiga olgan “norasmiy hujjat” yuborgan. Hujjatda Rossiyaning butun Donbass ustidan nazoratni qo‘lga kiritish talabi yana bir bor takrorlangan va Moskva Ukrainaga nisbatan o‘zining “maksimalistik talablari”ga amal qilish qat’iyatini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida keskin telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Suhbatdan so‘ng Rubio Trampga Moskva muzokaralar olib borishga tayyor emasligini aytgan. Boshqa manbaga ko‘ra, AQSH Prezidenti Moskvaning pozitsiyasidan “ta’sirlanmagan”.
Shunga qaramay, AQSH rasmiy manbalarining qayd etishicha, Tramp Rossiya bilan Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelajakdagi muzokaralar qandaydir taraqqiyotga olib keladigan bo‘lsa, ochiqligicha qolmoqda.
Donald Tramp 22 oktyabr kuni Putin bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni bekor qilganini ma’lum qildi.
“Men buni shunchaki to‘g‘ri deb o‘ylamagan edim. Kerak bo‘lgan joyga yetamiz deb o‘ylamagandim. Shuning uchun, men buni bekor qildim. Lekin biz uchrashuvni kelajakda amalga oshiramiz”, dedi AQSH Prezidenti.
Bir kun avval u Putin bilan “behuda uchrashuv” o‘tkazishni istamasligini ta’kidlagan edi.
Vladimir Putin Tramp uchrashuvni bekor qilishdan ko‘ra “ko‘proq uni kechiktirish haqida gapirayotganini” aytdi. Uning qayd etishicha, uchrashuvning o‘zi ham, o‘tkaziladigan joy ham Amerika tomoni tomonidan taklif qilingan.
“Men bunga rozi bo‘ldim, lekin aytdimki, bunday uchrashuvlarga albatta puxta tayyorgarlik ko‘rish kerak. Endi ko‘ryapmanki, AQSH Prezidenti bu uchrashuvni bekor qilish yoki keyinga qoldirishga qaror qilgan. Katta ehtimol bilan u uni keyinga qoldirish haqida gapiryapti. Nima deyish mumkin? Har qanday qarama-qarshilik, tortishuv yoki ayniqsa, urushdan ko‘ra muloqot har doim afzaldir”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashritilgan uchrashuv bekor qilinmagani, aksincha, keyinroqqa surilganini aytgandi.
Live
Barchasi